“Kadrlar siyosati” – rasmiy munosabat

14:18 - 18 Sentabr 2020 Yangiliklar
3708

Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanalda (Zafar Solijonov) “Kadrlar siyosati” sarlavhasi bilan eʼlon qilingan maʼlumotga rasmiy izoh.

Bloger tomonidan yozilgan mazkur materialda respublikamizda kadrlar siyosati bilan bog‘liq bir qator tanqidiy fikrlar, mavjud holatlar har tomonlama o‘rganilmasdan, tahlil qilinmagan holda bir taraflama yondashuv bilan tayyorlangan.

 Bu borada blogerning har bir satrlariga asosli maʼlumotlar orqali izoh berib o‘tadigan bo‘lsak, bloger -“2017-yilning avgust oyida Mirziyoyev selektorda "Ikki yildan keyin yosh yigitlar keladi. Zabardast, fidoyi, muhimi vatanni sevadigan bolalar! Mana, hozir yoshlar kelayapti. 25 yosh bo‘lsayam vazir qilaman! Vatanni sevsa, bo‘ldi! O‘rgataman ularni! Sizlarga esa shuncha selektordan keyin ham o‘rganmayapsizlar", deb aytgandi. Ammo bu siyosat deyarli amalga oshirilmadi. Yosh vazir yo‘q. Ammo zamonaviy va ilmga tashna "toza qon"ga ehtiyoj juda katta.” – deb yozgan.


2017-yilning 9-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda Davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan mazkur so‘zlardan so‘ng shu bugunga qadar bir qator yosh kadrlar masʼuliyatli lavozimlarga rahbar sifatida tayinlandi. 


Jumladan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi rahbari Alisher Saʼdullayev (26 yosh) ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi direktori (vazir maqomida) sifatida faoliyat yuritmoqda.


Xuddi shunday, Dilnoza Kattaxonova (28 yosh) - Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari,

Olimjon To‘ychiyev (29 yosh) - Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari,

Yusuf Absoatov (30 yosh) - Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining o‘rinbosari,

Bobir Islomov (36 yosh) -  Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi

Olimjon Umarov (35 yosh) - Bosh vazir maslahatchisi,

Otabek Xasanov (35 yosh)- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari,

Usman Sharifxadjayev (34 yosh) - Xalq taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari,

Shodiyor Mamatqulov (34 yosh) - Maktabgacha taʼlim vazirining o‘rinbosari, 

Jamol Nasirov (35 yosh) - Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, 

Najmiddinxo‘dja Sharipov (37 yosh) - Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi,

Akmal Burxonov (39 yosh) - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori,

Sherzod Kudbiyev (40 yosh) - Davlat soliq qo‘mitasi raisi,

Timur Ishmetov (41 yosh) - Moliya vaziri,

Ruslan Davletov (40 yosh) - Adliya vaziri,

Raximjon Xakimov (37 yosh) - Toshkent Davlat yuridik universiteti rektori, Abdulaziz Akkulov (35 yosh) - Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,

Ayubxon Radjiyev (31 yosh) - Abdulla Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin...

Bundan tashqari, tuman va shaharlar hokimliklarida ham rahbarlar yosh tarkibi bo‘yicha katta o‘zgarishlarga erishilgan. 


Xususan, mavjud hokim va hokim o‘rinbosarligiga tayinlanganlarning 942 nafarini 35 yoshgacha hamda 1790 nafarini 35-45 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. 


Masalan;

Sarvarbek Sultonov (31 yosh) - Shirin shahar hokimi,

Raximova Durdona (31 yosh) - Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, 

Oripov Anvar (35 yosh) - Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, 

Inamov Oqibjon (36 yosh) - Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari,

Abdullayev Shohjahon (33 yosh) - Angor tuman hokimi,

Shukurov Elbek (32 yosh) - Sirg‘ali tumani hokimi,

Xasanov Kamoliddin (35 yosh) - Navoiy viloyati hokimining o‘rinbosari, Yedenbayev Yerpolat (34 yosh) - Mo‘ynoq tumani hokimi,

Yuldashev Bobirbek (34 yosh) - Marhamat tumani hokimi,

Shagazatov Oybek (36 yosh) - Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari,

Matkarimov Ilhom (36 yosh) - Taxiatosh tuman hokimi,

Hamroyev Botirjon (36 yosh) - Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, 

Hakimov Shukurulla (36 yosh) - Shofirkon tuman hokimi,

Gapparov Rahmatullo (36 yosh) - Qumqo‘rg‘on tuman hokimi,

Axmedov Jo‘rabek (37 yosh) - Bo‘stonliq tuman hokimi,

Meyliyev To‘xtamurod (37 yosh) - Kasbi tumani hokimlari hozirda yosh bo‘lishiga qaramasdan masʼuliyatli lavozimlarga tayinlangan.

Bunday misollar va faktlarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ana endi har bir inson bloger qayd etgan maʼlumotlar va rasmiy izoh sifatida berilayotgan aniq faktlarni qiyoslagan holda Davlatimiz rahbari tomonidan qilinayotgan tashabbuslar amaliyotda qanchalar o‘z tasdig‘ini topayotganini ko‘rish qiyin emas. 


 "Ijro bilan bog‘liq juda katta muammolar bor. Erta-indin loyihalarga deb chetdan olingan qarzlar ijrosi masalasida asl yuzimiz ochilsa ham ajablanmayman."


Blogerning mazkur so‘zlariga javoban shuni aytib o‘tishimiz mumkinki, qabul qilinayotgan har bir qarorlarning ijrosini tashkil qilish va nazoratini olib borish bo‘yicha qatʼiy tizim yaratilgan. 


Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5017-son farmoyishi va 2018-yil 5-oktyabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yana-da mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3962-son qaroriga asosan har bir qaror ijrosini “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali nazorat qilish mexanizmlari yaratilgan. 


Mazkur qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi etib belgilangan.


“2019-yilning oktyabr oyida "O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni qabul qilindi.


Farmonning ikkinchi qismi ijrosi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (DXRA) tashkil etildi. U davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarda kadrlar boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul bo‘lishi belgilandi. Biroq tizim amalda 1997-yildagi kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida ishlab kelmoqda. Yangi qonun ishlab chiqilmadi.”


 Mazkur Farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, 2020-yil may oyidan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) orqali jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi, jurnalistlar, blogerlar va mahalliy ekspertlar hamda 20 dan ortiq xorijiy ekspertlar ishtirokida 3-marta muhokama qilindi. Fuqarolar va mahalliy ekspetlardan kelib tushgan 220 dan ortiq hamda xorijiy ekspertlar tomonidan bildirilgan 40 ga yaqin takliflar asosida qonun loyihasi takomillashtirildi.


Qonun loyihasida kadrlar zaxirasini yaratish, lavozimlarni egallashda meritokratiya tamoyili va “karyera modeli”ni qo‘llash kabi zamonaviy institutlarni joriy etish bo‘yicha samarali mexanizmlar belgilanmoqda. Xususan, kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida saralab olish, faoliyatning natijadorlikka yo‘naltirish maqsadida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash tushunchalarining kiritilishi eng munosib va qobiliyatli shaxslarni adolatli hamda obyektiv baholash orqali davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish hamda xizmat pog‘onalarida barqaror o‘sishini taʼminlashni nazarda tutadi.


Qonunning xalqchilligi hamda uning amaliyotda ishlab ketishini taʼminlash maqsadida loyiha bilan taklif etilayotgan yangiliklar ochiq mustaqil tanlov asosida ishga kirish, xizmatchilarni malakasini tizimli ravishda oshirib borish, faoliyatni natijadorlikka yo‘naltirish kabi asosiy jihatlarni aprobatsiya qilish maqsadida vazirlik va idoralar hamda hokimiyatlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. 


Xususan, tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini “Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari” (KPI, “EMSK”) asosida baholash tizimi eksperiment tariqasida yo‘lga qo‘yildi. Bunda, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani va Yangiyo‘l shahri, Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Xorazm viloyatining Urganch shahri, Hazorasp, Yangibozor va Yangiariq tumanlari, Andijon viloyatining Bo‘ston tumani va Xonobod shahri, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri va Quva tumani, Namangan viloyatining Chortoq tumani hokim o‘rinbosarlari faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab borilmoqda.


Davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlarga munosib nomzodlarni ishga qabul qilish tizimini amaliyotga joriy etish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali” (vacancy.argos.uz) ishga tushirildi hamda 4 ta vazirlik va idoralar, 17 ta tuman (shahar) hokimliklarida ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.


Davlat xizmatchilarining bilimlarini oshirish maqsadida tarmoq xususiyatlaridan kelib chiqib, respublika, viloyat va tuman darajasidagi davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. Mazkur dasturlar asosida Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning 6 filiallarida hamda mamlakatdagi 125 malaka oshirish markazlarida jami 437 soatlik o‘quv seminar va treninglarda 4 683 nafar davlat xizmatchilari qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv kurslarida ishtirok etdi. 


O‘tkazilgan aprobatsiyalar va olingan takliflar asosida takomillashtirilgan qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik Palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqib, 13 ta manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.


"O‘zbek davlat xizmatchilariga "sotsial lift" atamasi begona. Xohlasangiz ular orasida anonim so‘rovnoma o‘tkazing: mutaxassis ertaga kun kelib rahbar bo‘lishiga ishonmaydi. Joylarda tayinlovlar va muhim "kreslolar"ga shaxs topish markazlashganini hech kim inkor qilmasa kerak."


Davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlarini malakali, yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan shaxslar bilan to‘ldirishning shaffof mexanizmini yaratish maqsadida Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali (https://vacancy.argos.uz/) ishlab chiqildi.


Bugungi kunga kelib, mazkur portal orqali tajriba tariqasida 4 ta vazirlik va idora (Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi), 17 ta tuman (shahar) hokimliklarining jami 51 ta vakant lavozimlari bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilingan bo‘lib, joriy yilning 16-sentyabr holatiga jami 1578 nafar nomzodlar tanlovga qatnashish uchun hujjat topshirgan.


Xususan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligigi tomonidan tanlov eʼlon qilingan 34 ta vakant lavozimlarga 398 nafar shaxslar hujjat topshirib, ulardan 25 nafar eng munosib kadrlar ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparatidagi 5 ta vakant lavozimlar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan tanlovda jami 261 nafar nomzodlar qatnashib, tanlov yakuni bo‘yicha munosib nomzodlar ishga qabul qilinishi taʼminlandi.


Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasining 7 ta vakant lavozimlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan tanlovda 79 nafar nomzodlar qatnashib, tanlov yakunlari bo‘yicha 5 ta vakant lavozimga munosib nomzodlar ishga qabul qilindi hamda 2 tasi bo‘yicha qayta eʼlon berilishi belgilandi.


Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Xorazm viloyati Urganch shahri, Xazorasp va Yangiariq tumanlari, Toshkent viloyati Angren shahri, Bo‘ka va Yangiyo‘l tumanlari, Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Shahrisabz tumanlari, Jizzax viloyati Jizzax shahri, Navoiy viloyati Navoiy shahri va Uchquduq tumani, Sirdaryo viloyati Guliston tumani, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Muzrabot tumanlari hokimliklarining jami 27 ta vakant lavozimlari bo‘yicha tanlov jarayonlari ketmoqda. 


Joriy yilning 14-sentyabr kuni ilk bor hokim o‘rinbosari lavozimini egallash ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilib, tanlov ishtirokchisi F.Xayrullayev Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Hozirda barcha davlat organlari va tashkilotlarida ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul tizimini joriy etish bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqildi hamda tez orada keng miqyosda amaliyotga joriy etiladi.


Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. Xususan, tanlov jarayonlarida yuqori natija ko‘rsatib g‘olib bo‘lgan nomzodlar haqidagi maʼlumotlar “O‘zbekiston-24”, “Uzeport TV”, “Mening yurtim”, “Sevimli” telekanallari, “Uza.uz” O‘zbekiston milliy axborot agentligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, mahalliy telekanallar hamda saytlarda keng yoritildi. 


Tanlov jarayonlaridagi ochiqlik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari qay darajada taʼminlanganligi yuzasidan tanlov ishtirokchilarining intervyulari orqali keng jamoatchilikka yetkazildi.


Bundan tashqari, rahbarlik lavozimlariga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan nomzodlarni tayyorlashni tizimli tashkil etish maqsadida BAA, Janubiy Koreya, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi va boshqa bir qator xorijiy davlatlar bilan inson resurslarini rivojlantirish sohasida imzolangan kelishuvlarga ko‘ra istiqbolli davlat xizmatchilarini stajirovka va malaka oshirish kurslariga yuborish rejalashtirilgan edi. Biroq, hozirgi pandemiya sharoitida davlat xizmatchilarining sog‘ligini asrash hamda butun dunyo bo‘ylab o‘rnatilgan karantin qoidalari sababli mazkur ishlarni amalga oshirish keyinga qoldirildi. 


"Yana bir masala. Oxirgi vaqtlar hokimlik institutiga rahbar etib IIV tizimidan chiqqanlar qo‘yilishi urfga kirayotgandek. Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixanov, So‘x tuman hokimi, avval Sariosiyoga keyin Boysun tumaniga hokim bo‘lgan Asqarali Jo‘rayev va boshqalar so‘zimizning isboti bo‘la oladi. Bu nima degani biz boshqaruvda militarizm foizini oshirishni boshladikmi yoki mazkur hududlarda iqtisodiyotdan ko‘ra tinchlik masalasi muhimmi yoki bo‘lmasa, bu shunchaki tasodifmi? Lekin bir narsani bilaman, boshqaruvda tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi. Shunaqa gaplar..."


Mazkur vajlar asossiz bo‘lib, holat to‘liq tahlil qilinmasdan ayrim maʼlumotlarga tayangan holda eʼlon qilingan. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3182-son qaroriga asosan aholining hayot sifati va darajasini yuksaltirish, davlat organlari rahbarlarining masʼuliyatsizligi holatlarining yuzaga kelishiga qatʼiy ravishda barham berish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga (keyingi o‘rinlarda sektorlar deb yuritiladi) bo‘lish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.


Natijada o‘z sektorida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini tashkil etish va hal qilish, shu jumladan, aholining eng muhim muammolarini yechish yuzasidan ijobiy natijalarga erishgan sektor rahbarlari (prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari) hududlarga hokim sifatida tayinlanmoqda. 


Shu bilan birga, hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan hokimlarning 34% iqtisod, 22,8 foizi muhandislik, 15,5% qishloq xo‘jaligi, 13,2 foizi huquqshunos, 3,3 % pedagog, 2,3% arxitektura va qurilish, 8,9 foizini boshqa mutaxassisliklar tashkil qiladi.


Xulosa sifatida aytib o‘tadigan bo‘lsak, bugungi kunda mamlakatimizda ochiqlik, shaffoflik va adolatlik tamoyillari ustuvor bo‘lishiga har tomonlama ahamiyat qaratilmoqda. 


Ayniqsa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV vakillari hamda blogerlar bilan axborotning keng jamoatchilikka yetib borishinin taʼminlash yo‘lida olib borayotgan hamkorligi, OAV vakillari va blogerlarga nisbatan ochiqligi, jamiyatimizda ishonchli maʼlumotlarni keng jamoatchilikka yetib borishiga xizmat qilmoqda. Ammo bu kabi asoslantirilmagan, faktlarga tayanilmagan maʼlumotlarning keng tarqatilishi “Yangi O‘zbekiston” sifatida xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlayotgan davlatmizning imidjiga salbiy taʼsirini o‘tkazishi turgan gap.


Shu sababli, barcha OAV vakillari va blogerlar kadrlar siyosati, davlat organlari va tashkilotlarida olib borilayotgan islohotlar hamda o‘zgarishlar borasida tayyorlanadigan har qanday materiallarni asosli, shuningdek aniq faktlar bilan tayyorlashlarini so‘rab qolamiz.


Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi barcha OAV vakillari va blogerlar bilan hamkorlik qilishga tayyor. 


Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati

Chop etish