Xorijda o‘qish uchun grantlar qanday yutib olinishi muhokama qilindi

03:23 - 18 Mart 2021 Yangiliklar
1900

Xorijda o‘qish uchun grantlar qanday yutib olinishi muhokama qilindi

Joriy yilning 17-mart kuni Uchqo‘rg‘on tuman madaniyat markazi hamda Namangan shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yana-da oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmonining mazmun-mohiyati hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlari tartibi bilan bog‘liq yangiliklarni vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlariga, shuningdek, hududlardagi yoshlar orasida keng targ‘ib etishga qaratilgan amaliy-uslubiy seminar o‘tkazildi.

Mazkur seminarlarda viloyatdagi umumtaʼlim maktablari masʼul rahbarlari va bitiruvchi sinf o‘quvchilari, oliy taʼlim muassasalarining xorijiy davlatlarda taʼlim dasturlariga masʼul rahbarlari hamda talabalari, akademik litseylarning bitiruvchilari, shuningdek, hududiy davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar xizmatiga masʼul rahbarlari ishtirok etishdi. Seminar bir vaqtning o‘zida ZOOM platformasi orqali ham o‘tkazilib, tuman (shahar)lardagi maktab bitiruvchilari, viloyatdagi ko‘plab oliy taʼlim muassasalari hamda akademik litseylaridan ham tinglovchilarni onlayn ishtirok etishi uchun sharoit yaratib berildi.

Ushbu seminarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali rahbari o‘rinbosari I.Xodjiyev, “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori o‘rinbosari O.Sattarov hamda jamg‘arma matbuot kotibi M.Sodiqovlar so‘zga chiqib, jamg‘arma ish faoliyatining mazmun-mohiyati, bugungi kunda jamg‘arma tomonidan yoshlarga ajratilayotgan xorijiy grantlar xususida, bundan tashqari, stipendiya tanlovlarining yangi talablari va qanday qilib Jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritish mumkinligi to‘g‘risida taʼkidlab o‘tishdi, shuningdek, Yoshlarni qanday rag‘batlantirish mumkinligi haqida o‘z fikrlari bilan ulashishdi.

Ushbu hududiy amaliy-uslubiy seminarlardan ko‘zlangan maqsad iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa respublikaning barcha hududlaridan yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni tubdan takomillashtirish va yana-da modernizatsiyalash, ularni “El-yurt umidi” jamg‘armasining (bakalavriat, magistratura va doktorantura) taʼlim dasturlari asosida xorijdagi nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalarda taʼlim olishini tashkil etish, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga qaratilgan.

Mazkur amaliy-uslubiy seminarlar davomida Jamg‘arma faoliyati va stipendiya tanlovlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yoritish maqsadida videoroliklar, flayerlar, bukletlar va boshqa tarqatma materiallardan foydalanildi.

Seminar davomida ishtirokchilar xorijiy taʼlim dasturlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Maʼlumot uchun:O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yana-da oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoniga asosan 2021-yildan Jamg‘arma tomonidan 100 nafar yoshlar bakalavriat taʼlim dasturi bo‘yicha xorijga yuborilishi munosabati bilan hududiy amaliy-uslubiy seminarlarga O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi maktablar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari o‘quvchilari hamda hududlardagi oliy taʼlim muassasalari talabalari videokonferensiya orqali jalb etiladi.

         

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Namangan viloyati filiali


Chop etish