Yangi baholash mezonlari natijadorlikni taʼminlayapti

16:47 - 15 Mart 2021 Yangiliklar
680

2021-yilning fevral oyidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali tomonidan viloyatdagi 33 ta davlat boshqaruv organlari kadr xizmati rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab borish yuzasidan 10 ta baholash mezonlari ishlab chiqilib, rasman eksperiment tarzda amaliyotga joriy etildi.

Xususan, davlat fuqarolik xizmatida vakant lavozimlarni ochiq tanlovga berishni ko‘paytirish, qayta tanlovga berishni kamaytirish, davlat fuqarolik xizmatchilariga oid maʼlumotlarni "YAMMT" IDAKga kiritishni tashkillashtirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirishni tashkil etish, kadr xizmati rahbarlarining OAVlardagi chiqishlarini ko‘paytirish, shuningdek, oliy va o‘rta-maxsus taʼlim muassasalari talabalari uchun "Ochiq eshiklar" kuni tadbirlarini tashkil etish, davlat fuqarolik xizmatida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholash tizimini joriy etish, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, Davlat fuqarolik xizmatida HR metrkaning yuritilishi, sog‘lom turmush tarzini joriy etish kabilar tizimda natijadorlikka xizmat qila boshladi.

Endilikda mazkur mezonlar asosida kadr xizmati rahbarlari faoliyati yillik hamda oylik reja asosida doimiy baholanib, har oy yakunida natijalar bilan tanishtirib boriladi.

Jumladan, joriy yil fevral oyida amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan tanishtirish va kelgusi oyda qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni muhokama etish maqsadida Samarqand shahar Yoshlar markazi binosida uchrashuv o‘tkazildi.

Unga Samarqand viloyatidagi 40 ga yaqin davlat boshqaruv organlarida mehnat qilayotgan viloyat bo‘g‘inidagi kadr xizmati rahbarlari va xodimlari hamda OAV vakillari taklif etildi.

Uchrashuv chog‘ida kadr xizmati rahbarlariga joriy yilning fevral oyida amalga oshirilgan ishlari bo‘yicha baholash natijalari (reyting) havola etilib, kelgusida baholash natijalarini yaxshilash uchun eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan alohida jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.

Joriy yilning birgina fevral oyining o‘zida kadr xizmati rahbarlari tomonidan 11 ta maqolalar OAVlarida chop etilgani, oliy va o‘rta-maxsus taʼlim muassasalari talabalari uchun 6 ta davlat boshqaruv organlarida "Ochiq eshiklar" kuni tadbirlari tashkil etilgani baholash mezonlarining naqadar natijadorlik va samaradorlikka yo‘naltirilganini ko‘rsatmoqda.

Tadbir yakunida bildirilgan talab va takliflarga ko‘ra, bunday uchrashuvlarni har oy yakuni bilan o‘tkazib turishga kelishib olindi. 




Agentlik Axborot xizmati

Chop etish