Yoshlarni xorijda o‘qitish masalasiga bag‘ishlandi

16:55 - 25 Mart 2021 Yangiliklar
730

Joriy yilning 23-mart kuni Buxoro shahar hokimligida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan yosh mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha taqdimot tashkil qilindi. Unda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiantlari, shahar va tumanlar studiyalaridan yoshlar yetakchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Taqdimotda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018-yil 25-sentyabrda tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi oldiga millatning intellektual elitasini tayyorlash, xorijda istiqomat qilayotgan, zamonaviy bilim, malaka va ilg‘or ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlar bilan muntazam muloqot o‘rnatish talabi qo‘yilganini, bu borada samarali ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi yosh kadrlarga ilg‘or xorijiy universitetlar va ilmiy markazlarida magistratura va doktoranturada o‘qitish, dunyoning yetakchi agentlik va kompaniyalarida stajirovka o‘tash va malaka oshirish taʼlim dasturlari bo‘yicha stipendiyalar eʼlon qilib kelmoqda. “El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlari orqali 2018-yilda 375 nafar, 2019-yilda 605 nafar iqtidorli va istiqbolli mutaxassislar AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Kanada, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa 20 dan ortiq yetakchi davlatlarda taʼlim olishgani ham aytib o‘tildi.

Prezidentimizning 2019-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining dasturlari bo‘yicha kadrlarni o‘qitishni tashkil etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq stipendiyalar 5 ta tanlov o‘tkazish yo‘nalishlari bo‘yicha ajratiladigan bo‘ldi.

Taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari kesimida, hamda o‘tgan yillardan farqli ravishda 4 ta taʼlim dasturi bo‘yicha: doktorantura, magistratura, stajirovka va malaka oshirish yo‘nalishlarida ham stipendiyalar ajratiladigan bo‘ldi. Mazkur qarorga binoan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalar tanlovlarni tashkil etish mexanizmi va uning muddatlari ishlab chiqilgan. Unda vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ehtiyojlarini o‘rganishdan boshlab toki stipendiatlarga sertifikatlar topshirish jarayoni aniq belgilangan.

Taqdimot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish borasida o‘z takliflarini berdilar.

Yakunda 2019-yilda jamg‘armaning stipendiyasini qo‘lga kiritib, o‘sha yil sentyabr-dekabr oylarida Italiya Respublikasida amaliyot o‘tab, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan Buxoro davlat universitetining Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kafedrasi mudiri Ziyodulla Nurovga diplom topshirildi.

  


Agentlik Axborot xizmati

Chop etish