Yangi O‘zbekiston universiteti boshqaruv sohasida ham kadrlar tayyorlaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston universiteti bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu universitetda taʼlim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Unda 5 ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi.
– Universitet talabalari 1-kursdan o‘z sohasi bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlari va ilmiy markazlarga biriktirilishi kerak. Vazirliklar, nufuzli institut va yirik kompaniyalar universitetning vasiylik kengashiga kirishi muhim. Ular o‘z ehtiyojlarini bildirib, taʼlim jarayoniga integratsiyalashishi, bo‘lg‘usi mutaxassisga oldindan sarmoya kiritishi zarur, — dedi Davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz belgilangan chora-tadbirlarni maʼqullab, Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etishga oid qarorni imzoladi.