Respublika bo‘ylab “Kelajak liderlari” klubiga aʼzolik uchun saralash boshlandi

10:23 - 28 Iyul 2021 Yangiliklar
2041

Iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh kadrlarni seleksiya qilish maqsadida Samarqandda tajriba tariqasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Kelajak liderlari” klubi endilikda respublikamizning barcha hududlarida ish boshlaydi.

     Klub Agentlik, hokimliklar, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

     — Biz joriy yilning 5-iyulidan Klubga aʼzolik bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon berdik, — deydi Agentlikning Markaziy apparati vakili Javhar Do‘stov. — Qisqa vaqt davomida 20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan davlat fuqarolik xizmatchilari va talabalardan iborat, jami 6246 nomzod onlayn tartibda ro‘yxatdan o‘tdi. Tanlovning ilk, saralash bosqichida nomzodlarning malaka talablari o‘rganildi. Natijada 2796 nafar nomzod Tanlovning ikkinchi bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

     Taʼkidlash joizki, Klubga aʼzolik 4 bosqichda, (saralash, test, esse yozish, suhbat) ochiq tanlov orqali amalga oshirilmoqda.

     Bugun barcha hududlarda tanlovning ikkinchi bosqichi — test jarayonlari boshlandi. Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida jarayonlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan.

     Har bir hudud uchun 50 nafargacha nomzod Klub aʼzoligiga qabul qilinadi. Ularning keyinchalik maxsus Dastur asosida malakasi oshiriladi. Mahalliy hokimlar, turli darajadagi rahbarlarga dublyor bo‘ladi, vazirlik va idoralarda stajirovka o‘taydi.

     O‘zbekistonda Yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishning zamonaviy moduli sifatida ushbu Dastur davlat xizmati uchun kelajak liderlarini shakllantirib berishi rejalashtirilgan.

     Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida Davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari — “Kelajak liderlari”ni shakllantirish bo‘yicha taklif bergan edi.

 

 

Chop etish