Xizmat safari bilan bog‘liq huquqlaringizni bilasizmi?

09:36 - 15 Noyabr 2021 Yangiliklar
6138

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 29-avgustda 1268-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning qabul qilinishi bilan nafaqat xizmat safari tushunchasi, balki xizmat safarini tartibga solish, xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning qoplanishi masalalari ham o‘zining huquqiy asosiga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bu hujjat O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlarini tartibga soladi. O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safari esa “Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlari O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safariga yuborilganda xizmat safari xarajatlari uchun mablag‘lar berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.

Xizmat safari deb xodimni tashkilot, muassasa, birlashma, korxona rahbarini farmoyishlari bo‘yicha, o‘zining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga, maʼlum bir muddatga yuborilishi (borib-kelish) tushuniladi.

Tashkilotni tarkibiga kiruvchi filiallar va boshqa bo‘linmalar boshqa yerda joylashgan hollarda doimiy ish joyi bo‘lib mehnat shartnomasida belgilangan ishlab chiqarish bo‘linmasi hisoblanadi.

Doimiy ishi yo‘lda yoki ko‘chib yurish bilan bog‘liq bo‘lgan, yoxud doimiy harakatlanuvchi tusga ega bo‘lgan xodimlarni xizmat yuzasidan borib kelishlari xizmat safari hisoblanmaydi.

Xodimlarni xizmat safari muddati tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi va har bir holat uchun yo‘ldagi vaqtni hisobga olmagan holda 40 kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Ushbu tartib shuningdek xodimlarni taftish va tekshirishlarni o‘tkazish uchun xizmat safariga yuborishga ham taalluqlidir.

Montaj, sozlash va qurilish ishlarini bajarish uchun yuboriladigan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislarni xizmat safarlari muddati 12 oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Xizmat safari muddatini uzaytirish istisno tariqasida faqat xizmat safariga yuborgan tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan ruxsat beriladi.

Xodimga xizmat safariga ketishdan oldin kundalik, yo‘l xarajatlari, turar joyni ijaraga olish xarajatlari chegarasida pul ko‘rinishidagi avans (bo‘nak) to‘lanishi kerak.

Xodim xizmat safaridan qaytgan kundan eʼtiboran 3 ish kuni mobaynida topshiradigan avans hisobotiga asosan yetmay qolgan pul summasi to‘lab beriladi yoki ortgan pul tashkilotga qaytariladi.

2019-yil 13-sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Endilikda yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmagan xizmat safarida bo‘lgan byudjet tashkiloti xodimlariga har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)*ning 0,08 foiz miqdorida yo‘l xarajati to‘lanadi (ilgari bu masalani belgilangan talablar asosida korxona rahbarining o‘zi hal qilgan).

Boshqa tashkilot xodimlariga jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilangan miqdorlarda biroq, har bir kilometrga BHMning 0,08 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda yo‘l haqi to‘lanadi.

Shuningdek, mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda, ushbu nomer qiymatining 70 foizigacha miqdori byudjet mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi esa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi (ilgari faqat 70 foiz miqdorida qoplab berilgan).

Xizmat safarida ijarada turganlik bo‘yicha hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda, har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida xarajatlar qoplanadi.

Xodim xizmat safaridan qaytgan kundan eʼtiboran 3 ish kun mobaynida avans (bo‘nak) hisobotini taqdim qilishi shart (ilgari 3 kun bo‘lgan).

Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamoa shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda boshqa shartlar, shu jumladan qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar hamda qoidalarda ko‘rsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, boshqa qo‘shimcha imtiyoz va kompensatsiyalar) ham kiritilishi mumkin.

Shuning uchun tashkilotingizdagi jamoa shartnomasi bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz!

Chop etish