O‘zbekiston-Amerika: davlat xizmatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi

17:25 - 29 Noyabr 2021 Yangiliklar
1268

Davlat boshqaruvida islohotlarni xalq hayotida aks ettirish bugungi kunda aksariyat davlatlar oldida turgan dolzarb vazifa. Bugun xalqimiz har bir islohot, o‘zgarishni o‘z hayotida, turmushida ko‘rishni xohlaydi. Bunda esa salohiyatli davlat xizmatchisining professional faoliyati muhim. Shu bois, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan strategiyamizdan kelib chiqib, qator rivojlangan davlatlar tajribasini ham o‘rganmoqda.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov hamda O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Javlon Vaxabov o‘rtasidagi onlayn uchrashuvda shu va qator masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

Muloqotda zamonaviy talablar asosida davlat xizmatchilari malakasini oshirish, kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini takomillashtirish, xorijda qisqa va uzoq muddatli stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida O.Xasanov Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shundan so‘ng, Agentlik oldida davlat xizmatchilari malakasini oshirish yo‘nalishida turgan vazifalarga to‘xtaldi: 

Jumladan, 

- hokim va hokim o‘rinbosarlari uchun AQSHga qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha 10-15 kishilik guruhlarni malaka oshirishga yuborish;

- davlat xizmatchilarini AQSHga 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan uzoq muddatli stajirovkaga yuborish bo‘yicha 1-3 kishilik guruhni shakllantirish va malaka oshirishga yuborish;

- Agentlik xodimlari uchun malaka oshirish kurslari va stajirovkalarni tashkil etish.

Shuningdek, O.Xasanov ayni paytda Agentlik tomonidan “Rektorlar maktabi” dasturi amalga oshirilayotganligi va ushbu loyiha natijalari asosida bir guruh rektorlarni ham AQSHga, qisqa muddatli malaka oshirish kurslariga yuborish masalalariga to‘xtaldi. 

Muloqot davomida Elchi J.Vaxabov yuqoridagi barcha takliflarni maʼqullab, qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan tashqari, AQSHning Xass va Berkley universitetida davlat xizmati, menejment xususan, tibbiyot menejmenti kabi sohalarda yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda onlayn mashg‘ulotlarni muntazam tashkil etib borish imkoniyati mavjudligini ham bildirdi.

Shuningdek, tomonlar qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish kurslarini hamkorlikda tashkil etish maqsadga muvofiqligi, shu asosda AQSHning davlat xizmatchilari uchun tashkil etilayotgan qisqa muddatli kurslar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Agentlikka ham maʼlumot berib borishga kelishib olishdi. 

Uchrashuv yakunida hamkorlik tematikasi belgilandi.

Endilikda AQSHning Kadrlar boshqaruvi ofisi, Amerika Davlat boshqaruvi Assotsiatsiyasi, AQSH Davlat xizmati akademiyasi, J.Kennedi nomidagi Boshqaruv maktabi bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.

Chop etish