“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi Yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda deputatlar tomonidan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, deputatlar “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdi.
Qonun loyihasi bilan davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish va tegishli subyektlarning vakolatlari, davlat fuqarolik xizmatchisining maqomi, odob-axloq qoidalari, uning huquqlari va majburiyatlari hamda javobgarligi belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihada davlat fuqarolik xizmati tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni o‘tash va tugatishning yagona qoidalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjatda birinchi marta davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi instituti joriy etilmoqda.
Qolaversa, loyihada davlat xizmatchilarining daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmasligi kabi normalar o‘z aksini topadi.
Yalpi majlisda deputatlar tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.