“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar dasturi belgilandi
Dasturga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Spikerning 2021-yil 28-dekabrdagi ko‘rsatmasiga asosan, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida seminar tashkil etildi.

Unda qo‘mitasi aʼzolari, deputatlar, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul vakillari ishtirok etdi.
Seminarda Agentlik vakillari tomonidan qonun loyihasidagi ustuvor masalalar, loyihada keltirilgan kadrlar maʼmuriyatchiligiga oid kadrlarni saralash, tanlab olish hamda milliy kadrlar zaxirasini yuritishga oid asosiy qoidalarni amaliyotda qo‘llash, xizmatchilar faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashga doir qoidalar, davlat xizmatchilarini uzluksiz malakasini oshirish, kompetensiyalarini rivojlantirib borish masalalarini amaliyotda qo‘llash yuzasidan deputatlarga batafsil maʼlumot berildi.
Deputatlar qonun loyihasining davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga taalluqli rag‘batlantirish va jazo choralari tartibi, ijtimoiy taʼminot, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishining huquqiy kafolatlari kabi qoidalarini alohida taʼkidlashdi.
Qonun loyihasi yuzasidan Agentlik vakillari parlament quyi palatasi deputatlarini qiziqtirgan barcha savollarga asoslantirilgan javoblar berishdi.
Qo‘mita Agentlikning masʼul xodimlari va boshqa tashkilotlardan ishchi guruhi vakillari ishtirokida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida moddama-modda muhokamasini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, belgilangan Dastur asosida qonun loyihasini siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha fraksiyalarida, joylarga chiqib muhokama qilish, Fraksiya aʼzolari, davlat xizmatchilari, soha mutaxassislari tomonidan bildirilgan takliflarni Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Agentlik masʼul vakillaridan iborat ishchi guruhda tahlil qilish, asosli takliflarni loyihaga kiritish rejalashtirilgan.