Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz faoliyati haqida

11:51 - 27 Yanvar 2022 Yangiliklar
16298

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-sonli Farmoniga muvofiq Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni munosib kadrlar bilan to‘ldirish uchun “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi. Yaʼni mehnat va kadrlar ishiga oid barcha internet platformalari mazkur portal bilan integratsiyalashgan.

***

vacancy.argos.uz portali interaktiv bo‘lishi bilan birga nomzodlar uchun qator imkoniyat va qulayliklarni taqdim etadi. Masalan, tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar bir yo‘la davlat organining uchtagacha bo‘sh ish o‘rni uchun ariza topshirishi mumkin. Ariza yuboriladigan tashkilotlar soni chegaralanmagan. Vakant ish joyiga bo‘lgan malakaviy talablar ish beruvchi tomonidan barcha uchun teng tamoyil asosida belgilanadi.

Bu amaliyot qog‘ozbozlik va ortiqcha yozishmalardan xoli bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan kadrlar tashkilotma-tashkilot ko‘p hujjatlarni ko‘tarib ovora va sarson bo‘lmaydi. Turli idoralardan ortiqcha maʼlumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Nomzod haqidagi barcha maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda o‘z arizasida aks etadi.

***

Bugungi kunga kelib Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz  portali orqali 60 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 33 mingdan ortiq tanlov eʼlon qilinib, 450 mingdan ortiq nomzod ishtirok etgan.

Vakant lavozimlarning 1 256 tasi — hujjat topshirish jarayonida, 11 123 tasi — hujjat topshirish muddati tugallanib, test va suhbat o‘tkazish jarayonida, 19 805 tasida esa tanlov yakuni yetgan. 8 100 kishi davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilingan. 

***

Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz portali orqali ishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

— malaka talablari bo‘yicha saralash;
— test sinovi;
— suhbat.

Davlat xizmatiga kirish uchun hujjat topshirgan nomzodlarning 20 foizi — 70 mingdan ortig‘i xotin-qizlarni tashkil etadi. 

Tanlov g‘oliblarining 1016 nafarini xotin-qizlar, 2012 nafari — 30 yoshgacha bo‘lgan, 1092 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.

***

vacancy.argos.uz portali orqali ishga qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik taʼminlanmoqda

Ochiq tanlov jarayonlari onlayn rejimda tyelegramdagi maxsus — @vacancyonline kanaliga tezkor joylashtirilmoqda.

Shuningdek, tanlov jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida g‘oliblar haqidagi maʼlumotlar telegramdagi maxsus kanal — @vacancy_winners orqali eʼlon qilib borilmoqda.

Ko‘p sonli tanlov ishtirokchilari — vakant lavozim uchun nomzodlar talabiga muvofiq test.argos.uz — davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish modulidagi test savollaridan namunalar (https://t.me/testargosuz) eʼlon qilinmoqda. 

Qolaversa, @vacancy_argos_bot  orqali ochiq tanlovlar yuzasidan taklif va muammolarni qabul qilib, qisqa muddatda javob berib kelinmoqda. 

@himoya_argos  guruhi orqali esa ochiq tanlov orqali davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan kadrlarning huquqlari Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan biriktirilgan ekspertlar tomonidan himoya qilib kelinmoqda.

***

Bunday yondashuv davlat xizmatiga eng munosib, malakali kadrlarni byurokratik to‘siqlarsiz ochiq va adolatli tanlov jarayonlari orqali jalb qilish imkonini bermoqda.

Chop etish