“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan muhim takliflar berildi

15:54 - 9 Fevral 2022 Yangiliklar
1496

Qonun loyihasi yuzasidan navbatdagi davra suhbati Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda parlamentning quyi palata deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik masʼul xodimlari, shu jumladan ularning kadrlar bo‘linmalari rahbarlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti olimlari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qonun loyihasining asosiy maqsadi, ahamiyati, uni qabul qilish orqali davlat boshqaruvi tizimida qanday yangiliklar kirib kelishi, davlat organlariga ishga kirish, faoliyatni tartibga solish va lavozimdan ozod etishning yagona qoidalarini joriy etish ko‘zda tutilgani haqida keng maʼlumot berildi.

Qonun loyihasi normalari faqat Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan qo‘llanilishi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Zero, davlat xizmatiga yuksak intellektual salohiyat va yangicha tafakkurga ega, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish hozirgi raqobatli mehnat bozorida g‘oyat muhimdir.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining  2021-yil 28-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida muhokama qilinib, uni takomillashtirish yuzasidan bildirilgan takliflar inobatga olingan holda birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Davra suhbatida davlat fuqarolik xizmatchilarning daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya qilish kabi qoidalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga, yagona ish haqi tizimi, rag‘batlantirish va jazo choralari tartibi, ijtimoiy taʼminot, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishining huquqiy kafolatlari kabi qoidalari muhokama qilinib, deputatlarning bu boradagi bir qator takliflari asosli deb topildi.

Tadbirda deputatlar, ekspert va olimlar tomonidan qonun loyihasini yana-da takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish va maromiga yetkazish bo‘yicha qator takliflar, tavsiyalar berildi.

Yakunda bildirilgan takliflarni qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash uchun tashkil etilgan Ishchi guruh yig‘ilishida yana bir marotaba ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

 

 

Chop etish