Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi bilan hamkorlikda onlayn o‘quv dasturi boshlandi
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tizimida inson resurslarini rivojlantirish, yosh davlat xizmatchilari salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu yo‘nalishda xalqaro turdosh va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam onlayn-seminarlar, o‘quv-treninglar tashkil qilib kelinmoqda.
Agentlik tashabbusi bilan davlat xizmatini rivojlantirish masalalarida Rossiya tajribasini har tomonlama o‘rganish maqsadida maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi. O‘quvlar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RXXDXA) bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Dastur doirasidagi ilk mashg‘ulot kuni-kecha RXXDXA prorektori A.Margolin tomonidan “Professional davlat xizmatchilarini o‘qitish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini tashkil qilish” mavzusida olib borildi.
Onlayn seminarda rahbar kadrlarning asosiy kompetensiyalari va ularning turlari, kompetensiyalarni shakllantirishda qadriyatlar va axloqning o‘rni, strategik tafakkurning ahamiyati, kommunikatsiya ko‘nikmalarining hozirgi sharoitda dolzarbligi, resurslarni samarali boshqarishga oid masalalar muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini tashkil qilish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.
O‘quv dasturi doirasida onlayn-seminarlar bugun ham davom etmoqda.