Yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borilmoqda

16:13 - 22 Fevral 2022 Yangiliklar
5959

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi brifingi bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lash tartibi yuzasidan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Istiqbolli kadrlar seleksiyasi boshqarmasi masʼul xodimi Abdurahmon Umarov maʼlumot berdi.

Yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borilmoqda. Maʼlumki, xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan hamda yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan O‘zbekiston yoshlarining Vatanimizga kelib ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularga uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi «Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF – 6260-sonli Farmoni eʼlon qilindi. Mazkur farmonning 5-bandida davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilgan.

Farmon bilan belgilangan qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi va to‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.Farmonga muvofiq,  Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar ro‘yxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati shakllantirilib, Agentlikning rasmiy veb-sayti — argos.uz ga joylashtirildi. 

Xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar miqdori belgilangan.

Misol uchun:

AQSHning Stanford University QS reytingida 3-o‘rinda turadi. Mazkur universitetning bakalavr bosqichini bitirgan yosh mutaxassisga BHMning 30 barobarida ustama to‘lanadi.

Rossiyaning Milliy tadqiqot yadro universiteti QS reytingida 319-o‘rinda turadi. Mazkur universitetning magistratura bosqichini bitirgan yosh mutaxassisga BHMning 20 barobarida ustama to‘lanadi.

Buyuk Britaniyaning University of Dundee Tayms reytingida 250-o‘rinda turadi. Mazkur universitetda doktorlik darajasini olgan mutaxassisga BHMning 60 barobarida ustama to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda BHMning miqdori 270 ming so‘mni tashkil etadi. 

Yosh mutaxassislarga oylik ustamalar tatbiq etiladigan davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati 

Yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yo‘nalishlari va tor mutaxassisliklar ro‘yxati

Yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalarni to‘lash to‘g‘risida namunaviy shartnoma shakli 

Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari ro‘yxati

Maʼlumot o‘rnida, Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World University — xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar hisoblanadi. 

Brifingda yangi tartib yuzasidan yosh davlat xizmatchilari tomonidan eng ko‘p berilgan savollarga javob ham berildi

SAVOL: Men yuqori 500 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasasini 2019-yilda bitirib kelganman. Menga ustamalar tatbiq etiladimi?

JAVOB: Farmonning 1-ilovasi izoh qismida qo‘shimcha ustamalar 2021-yil va kelgusi yillarda tamomlagan yosh mutaxassisga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

SAVOL: Ustamalarni olish uchun yosh mutaxassislarga qo‘yilgan yosh chegarasi va ixtisoslikka qo‘yilgan talablar bormi?

JAVOB: Farmonning 1-ilovasi izoh qismida yosh mutaxassis qo‘shimcha ustamalarning bittasidan, o‘ttiz yoshdan oshmagunga qadar foydalanishi mumkinligi belgilangan.Eslatib o‘tamiz, hujjatlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga elektron shaklda taqdim etiladi.

Hurmatli davlat xizmatchilari, yosh mutaxassislar!

Ushbu imtiyoz bo‘yicha savollaringiz bo‘lsa, info@argos.uz elektron pochta manziliga yuborishingiz mumkin.
Tez orada mutaxassislarimiz tomonidan sizga javob beriladi.

Imkoniyatdan foydalaning!

Chop etish