“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun – sohadagi munosabatlarni tartibga solishda muhim qadamdir

15:40 - 2 Mart 2022 Yangiliklar
4902

Hozirgi kunda taraqqiy topgan davlatlarning barcha soha va tarmoqlaridagi rivojlanishlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarda bevosita kadrlar salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham kadrlar institutsional bazasini talab darajasida yaratish hamda shakllantirish ko‘p mamlakatlarda dolzarb masalaga aylangan. Albatta, bu kabi kadrlarni jamlash va ular salohiyatidan unumli foydalanish aniq mexanizm va huquqiy asos talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ilk bor 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis oldida qilgan Murojaatnomasida bu boradagi masalaga alohida urg‘u berib o‘tgan. Xususan, davlatimiz rahbari bugun hayotning o‘zi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etayotgani qayd etilgan edi.  Chindan ham jamiyatda kadrlar tizimi mexanizmini to‘g‘ri tashkil qilish, uni yo‘lga qo‘yish muhim masala bo‘lib, bu boradagi ishlar davlatning asosiy tashkiliy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasiga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, bu kabi ishlar qonun hujjatlari bilan tartibga solingan.

Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini isloh qilish, bu qonunlarga qatʼiy rioya etadigan, inson va fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari ustunligini tan olgan holda ommaviy (jamiyat, fuqaro) manfaatlarni ko‘zlab davlatning vazifalari, funksiyalarini amalga oshiradigan, yuqori malakali professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishni nazarda tutadi.

Har qanday davlatni boshqaruv apparatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, davlat boshqaruvi apparati esa, davlat fuqarolik xizmati tizimiga muhtoj bo‘ladi. Shu sababli davlat boshqaruvi apparatida olib boriladigan islohotlar, birinchi navbatda, davlat fuqarolik xizmatining to‘g‘ri tashkil etilishi va samarali amalga oshirilishini talab etadi. Huquqiy mustahkamlangan, shaffof va zamon talabiga mos ravishda tashkil etilgan davlat fuqarolik xizmati mamlakat aholisida unga nisbatan ijobiy tasavvurlarni shakllantiradi. Davlat nomidan faoliyat olib borayotgan xizmatchiga qarab davlatga yoki davlat boshqaruvi apparatiga baho beriladi. Shu sababli, har bir mamlakatda davlat fuqarolik xizmatining qanday shakllangani, yaʼni tashkiliy-huquqiy asoslari juda muhim ahamiyatga egadir.

Xususan, MDH mamlakatlari, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun yaxlitligicha davlat apparatining asosiy prinsiplari, shakllanish va faoliyat yuritish mexanizmlarini o‘zida aks ettirgan davlat boshqaruvining asosiy hujjatlaridan biri sanaladi.

Davlat fuqarolik xizmatining to‘g‘ri tashkil etilishi davlatda qabul qilinadigan qonun hujjatlariga ham bog‘liqdir. Chunki, davlat fuqarolik xizmatidagi munosabatlarning qanchalik mukammal huquqiy tartibga solinganlik darajasi uning mazmuni va amaldagi holati hamda samarali takomillashish tendensiyalarini belgilab beradi.

Yurtimizda ham barcha sohalar qatori davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish va uni rivojlantirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabr kuni Parlamentga qilgan Murojaatnomasida bu boradagi masalaga alohida to‘xtalib, “Bugungi kunda jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni samarali yechish, keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish zarurati davlat boshqaruvi sohasida mutlaqo yangi tizim yaratishni taqozo etmoqda. O‘ylaymanki, buning uchun “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish vaqti keldi”, – deb taʼkidlagani bu sohadagi islohotlarning ilk qadami bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shundan so‘ng, mamlakat Prezidentining mazkur tashabbuslari bilan yurtimizda davlat fuqarolik xizmatini huquqiy asosini ishlab chiqish va uni rivojlantirishga masʼul organni tashkil etish yuzasidan puxta o‘ylangan, chuqur tahlil va o‘rganishlarni o‘zida aks etgan ishlar olib borildi.

Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019-yil 3-oktyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Shuningdek, xorijiy mamlakatlarning muvaffaqiyatli tajribalari keng o‘rganilib, navbatdagi muhim qadam davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu esa davlat fuqarolik xizmati sohasini isloh qilish va rivojlantirish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilayotganini namoyon etadi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilish jarayonida ko‘plab xorijiy mamlakatlarning tajribalari o‘rganildi. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalari, Ukraina, Germaniya Federativ Respublikasi, Yaponiya va yana bir qator davlatlarning normativ hujjatlari puxta tahlil qilindi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, ular bilan doimiy ishlash, malakasini oshirib borish, malakali va masʼuliyatli mutaxassislar zaxirasini shakllantirish masalalari har qanday davlat oldida turgan ustuvor vazifalardan hisoblanadi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi esa bu boradagi ishlarning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilish bilan birga, davlat fuqarolik xizmati va inson resurslarini rivojlantirish borasidagi ishlarda yo‘l ko‘rsatuvchi “kompas” bo‘lib xizmat qiladi.

Chunki qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019-yil 3-oktyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sanab o‘tilgan muammolarning barchasiga yechim bo‘luvchi normalar kiritilgan.

Xususan, qonun loyihasida kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida saralab olish, meritokratiya va martaba darajasi tushunchalarining kiritilishi belgilanmoqda. Bu esa, eng munosib va qobiliyatli shaxslarni adolatli hamda obyektiv baholash orqali davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishini taʼminlaydi.

Albatta, bu o‘rinda davlat fuqarolik xizmatining nufuzi mazkur xizmatda to‘g‘ri ishlayotgan, o‘zini ishga baxshida qilgan va masʼuliyatni bo‘yniga olishdan qo‘rqmaydigan malakali kadrlarning soni, mashaqqatli mehnati, natijadorligi, qatʼiyatliligi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi tufayli hurmat, obro‘-eʼtibor qozongan insonlarga ham bog‘liqdir.

Qonun loyihasida davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini amalga oshirishning asosiy tamoyillari, davlat fuqarolik xizmatchilari tarkibini shakllantirish, tanlov o‘tkazish, faoliyatini monitoring qilish, xizmatdan bo‘shatish masalalari, davlat fuqarolik xizmatchilarining ijtimoiy va pensiya taʼminotini hisobga olgan holda, halol va fidokorona xizmatni moddiy hamda nomoddiy shaklda rag‘batlantirish mexanizmlari, shuningdek, xizmat etikasi va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari tartibga solingan.

Xulosa qilib aytganda, Qonun loyihasi bilan davlat hokimiyatining vazifalari va funksiyalarining amalga oshirilishida davlat fuqarolik xizmatining huquqiy asoslarini mustahkamlash – davlat fuqarolik xizmatchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida qo‘shimcha kafolatlar yaratadi hamda ularning masʼuliyatini yana-da oshiradi.

 

G‘olibjon ABDUAZIZOV,
Agentlikning Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart- sharoitlar yaratish masalalari departamenti bosh inspektori

Chop etish