Salohiyatli yosh kadrlar rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi

11:24 - 24 Mart 2022 Yangiliklar
2299

Bugun Davlat boshqaruvi akademiyasida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Akademiya hamkorligida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining 2-mavsumi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda hamkor tashkilotlar rahbarlari, masʼul vakillari, o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari va mutaxassislari hamda OAV xodimlari  ishtirok etdi.

Ochilish marosimida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov ham ishtirok etib, davlatimiz rahbari boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.

Xalqchil davlat xizmatini ko‘rsatishda yosh davlat xizmatchilarining o‘rni haqida alohida fikr bildirdi. Yosh kadrlarni davlat xizmatiga bosqichma-bosqich tayyorlash jarayonlari, sohada erishilgan qator natijalar, shuningdek oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida tinglovchilar bilan suhbatlashdi. Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishda yosh davlat xizmatchilarining taklif va tashabbuslari, kreativ fikrlari muhim ekanligini bildirdi.

Taʼkidlash kerakki, istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus intensiv malaka oshirish dasturining birinchi mavsumi 2021-yilning fevral-aprel oylarida tashkil etilgan edi. Dastur muvaffaqiyatli yakunlanib, bitiruvchilar qator rahbarlik lavozimlariga tavsiya etildi hamda Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.

Xalqchil yangi avlod kadrlar zaxirasini shakllantirish, istiqbolli yosh davlat xizmatchilarida rahbarlik ko‘nikmalarini shakllantirish va keyinchalik ularni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining 2-mavsumi uchun o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari va mutaxassislari saralab olindi.

Respublikamizning 94 ta davlat organi va tashkilotlaridan tavsiya etilgan hamda Agentlik tomonidan tashkil etilgan telegram-bot orqali ariza topshirgan, 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 1 862 nafar davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari va mutaxassislari orasidan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish ko‘nikmasiga ega, strategik fikrlovchi, keng qamrovli islohotlar va imkoniyatlarni oldindan ko‘ra oladigan 54 nafar yoshlar tanlab olindi.

Saralash ishlari davomida shaxsiy maʼlumotnomani baholash tizimi orqali 294 nafar nomzod, davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli yordamida test sinovi orqali 194 nomzod saralab olindi. Agentlik xodimlari tomonidan amalga oshirilgan suhbat-assessment bosqichi yakunlariga ko‘ra 54 nafar (19% tinglovchilar xotin-qizlarni tashkil etadi) yosh kadrlarning nomzodi dastur tinglovchiligiga qabul qilishga tavsiya etildi.

Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining navbatdagi mavsumi 24-mart - 26-may kunlari Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etildi. Dastur to‘rt bosqichda: auditoriyada nazariy, stajirovka-dublyorlik, mahallada amaliyot, mahalliy va xorijiy stajirovka asosida bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, Davlat boshqaruvi va mahalliy boshqaruv yo‘nalishlariga ajratilgan holda o‘tkazilishi hamda tinglovchilar ikki hafta davomida mahalla raislari dublyori, hokimning mahalladagi yordamchilari, mahalladagi yoshlar yetakchilari sifatida amaliy ishga jalb etiladi.

Dasturning ustuvorligi shundaki, tinglovchilar professor-o‘qituvchilar va o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan bilim olishlari, sohalari bo‘yicha yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni yechimini birgalikda topishlari mumkin. Eng ahamiyatli jihati, tinglovchilar 14 ta hudud, turli xil sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tajriba almashish hamda mavjud muammolar yuzasidan taklif bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Dastur davomida tinglovchilar davlat fuqarolik xizmati huquqiy asoslari va kadrlar siyosati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, global boshqaruv va jahon siyosati va boshqa dolzarb mavzularda bilim va ko‘nikmalarini oshirishadi.  Mahallalardagi amaliyot hamda xorijiy stajirovka intensiv tarzda egallagan bilimlarini mustahkamlashga yordam beradi.

Yakuniy natija sifatida o‘quv dasturi bosqichlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan, maqsadli bitiruv loyiha taqdimotini namunali amalga oshirgan tinglovchilarga belgilangan shaklda Sertifikat topshiriladi.

Jarayondan fotojamlanma 

Chop etish