Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi masʼul xodimlarining malakasini oshirish maqsadida onlayn o‘quv tashkil etildi

10:54 - 28 Mart 2022 Yangiliklar
2011

Bugun Zoom platformasi orqali Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari tarkibi, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari uchun onlayn seminar tashkil etildi.

Prezident Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkorligidagi o‘quv Qo‘mita faoliyatini rivojlantirish, tizimda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan masʼul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish maqsadida tashkil etildi.

 

Unda Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Q.Kuranbayev, Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.Maxkamova, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Xasanov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov hamda OAV xodimlari ham ishtirok etdi.

Seminar avvalida ishtirokchi xotin-qizlar masʼuliyatli vazifalarda o‘z faoliyatini boshlagani bilan qutlandi. Shundan so‘ng, Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar, amalga oshirish zarur bo‘lgan masalalar xususida so‘z yuritildi.

– O‘quv davomida ishtirokchilarga mahalladagi xotin-qizlar faollarini tanlash, saralash va faoliyati samaradorligini baholash (KPI)tizimi, Oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar, oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida maʼlumot berildi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri B.Alimov. – Shuningdek, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari, mahalladagi xotin-qizlar faollari lavozimiga ochiq tanlovlar o‘tkazish amaliyoti tahlili yuzasidan taqdimotlar qilindi, ishtirokchilar uchun zaruriy bilim va ko‘nikmalar berildi.

 — Ushbu o‘quv ayni vaqtida tashkil etildi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oldimizda turgan vazifalar mazmun-mohiyati xalqchil tilda yetkazildi. Amaliy mashg‘ulotlarda esa sohada uchrayotgan muammolar turli keyslar asosida,  tahlillar bilan tushuntirib  berildi, — deydi Samarqand tumani hokimi o‘rinbosari-oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i M.Baratova. — Hududimizdagi xotin-qizlarning muammolarini hal etish, og‘irini yengil qilish, qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash masalasida muhim maʼlumotlarga ega bo‘ldik. Sharoit va imkoniyatlarimiz yetarli, maqsadimiz aniq. Endigi vazifamiz esa berilgan ishonchni oqlab, xotin-qizlarimizning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning jamiyatimizda baxtli va farovon yashashini taʼminlashdir.

Chop etish