Malaka oshirish o‘quv-seminarlarining birinchi bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi

19:27 - 7 Fevral 2020 Yangiliklar
709

Joriy yilning 6-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari va shahar-tuman hokimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish o‘quv-seminarining birinchi bosqichi yakunlandi.

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan hokim o‘rinbosarlari va shahar-tuman hokimlari ishtirokida o‘tgan mazkur 10 kunlik o‘quv-seminarlarida tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan harakatlar strategiyasidagi beshta muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ham nazariy, ham amaliy bilim va tajribalarini oshirdilar.


Avval xabar berganimizdek, mazkur o‘quv-seminarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, ularning o‘rinbosarlari, Oliy Majlis Senati raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Hukumat vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Konstitutsiyaviy sudi raislari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.


O‘quv-seminarlari so‘nggida tinglovchilar o‘zlashtirgan bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazib, test topshirdilar. Mazkur test natijalari tinglovilarga sertifikatlar topshirish marosimida eʼlon qilindi.


Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sherzod Kudbiyev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.


Unda Sh.Kudbiyev so‘zga chiqib, birinchi bosqichda ishtirok etgan tinglovchilarning ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilash bilan birga, yurtimizda kadrlar siyosatida yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar, rivojlanishlar hamda mahalliy ijro hokimiyati rahbarlari oldiga qo‘yilayotgan yangicha ish uslublari haqida to‘xtalib o‘tdi.


Shundan so‘ng, Prezident maslahatchisi Sh.Kudbiyev ishtirokida malaka oshirish o‘quv-seminarlarining birinchi bosqichni muvaffaqiyatli tamomlagan barcha tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.


Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 7-fevralidan malaka oshirish o‘quv-seminarining ikkinchi bosqichi o‘z ishini boshladi.


Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati

Chop etish