Milliy kadrlar zaxirasi nima? Uni shakllantirish va faoliyat yuritish tartibi qanday?

11:05 - 28 Aprel 2022 Yangiliklar
6276

Milliy kadrlar zaxirasi – bu malakali kadrlar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan, davlat fuqarolik xizmati rahbarlik lavozimlarining malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini taʼminlaydigan maʼlumotlar bazasidir.

Milliy kadrlar zaxirasi davlat sektorida rahbar kadrlar tarkibini barqaror taʼminlash va uning sifatini yaxshilash, davlat xizmatchisining kasbiy bilimini oshirish hamda xizmatda lavozimi bo‘yicha ko‘tarish maqsadida shakllantiriladi. Milliy kadrlar zaxirasi tenglik, raqobatlilik, ixtiyoriylik, shaffoflik, xolislik va ochiqlik tamoyillari asosida shakllantiriladi va yuritiladi.

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi ishlab chiqilib, kadrlarni saralab olishning zamonaviy usullari amaliyotga tadbiq etilmoqda.

Yuqorida qayd qilingan elektron tizim orqali Milliy kadrlar zaxirasi yuritiladi va boshqariladi. Zaxiraga olingan shaxs haqida to‘liq maʼlumotlar, uning dosyesidan tortib baholash natijalarigacha ushbu elektron tizimdan o‘rin olgan.

Nomzodlarning bilimi, psixologik xususiyati va rahbarlik ko‘nikmasini aniqlash maqsadida ularning salohiyati o‘rganiladi. Nomzodning salohiyatini baholash test sinovlari, psixometrik testlar, “360 daraja” o‘rganish va assessment usullarini o‘z ichiga oladi.

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi va yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda zaxiraga olingan shaxslar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etiladi. O‘qishlar vebinar (maʼruza), amaliy mashg‘ulot va seminar-trening shaklida tashkil etiladi. Ishtirokchilar hududdagi rahbarlarga biriktiriladi va dublyorlik asosida stajirovka o‘taydi.

Shuningdek, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxslarning rahbarlik ko‘nikmalarini yana-da rivojlantirish hamda amaliy tajribasini oshirish maqsadida ularni rotatsiya qilish bo‘yicha takliflar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ilhom Qurbonov,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departamenti mudiri

 

 

Chop etish