Davlat boshqaruvida samaradorlik menejmenti: maqsadlar o‘lchovga ega
Asosiy savollar boshlanma o‘rnida Maqsad, vazifa va funksiyalar belgilangan bo‘lsa, qo‘yilgan maqsadga erishilganligi yoki aksincha erishilmaganligini, uning natijadorligini aniqlash kerakmi? Yoxud samaradorlik nima uchun o‘lchanadi?

Tabiiyki, bu kabi savollar davlat tashkilotlari faoliyatini baholashda paydo bo‘ladi. Zero, hamma ko‘rsatkichlar ham samaradorlikka bog‘lanmagan, barcha ko‘rsatkichlar ham muhim hisoblanmaydi.
Chunki, davlat tashkilotining maqsadi asosidagi funksiya va vazifalarini har doim ham o‘lchashni imkoni mavjud emas. Yaʼni, ular miqdorga emas, balki oddiy sifat ko‘rsatkichi bo‘lishi ham mumkin. Shu bilan birga, aytarlik barcha prognozlar – shakllantiriladigan statistik maʼlumotlar davlat tashkiloti ixtiyorida.
Bunda yana belgilanadigan ko‘rsatkichlar maqsadga va vazifaga ham bog‘liq bo‘lmasa, aksil natija qayd etilishi mumkin. Shu sababli, davlat boshqaruvida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) asosida baholash milliy sharoitlarga to‘g‘ri keladigan aniq bir intellektual model yoki boshqacha kilib aytganda – sxemaga asoslangan holda rivojlanib borishi zarur.
Shu o‘rinda, samaradorlik menejmenti yoki boshqaruvi asosida davlat tashkiloti o‘z oldiga missiya, strategiya, maqsadlar (uzoq, o‘rta, yaqin istiqbol asosidagi erishiladigan ko‘rsatkichlar)ni aniq qo‘ya olishi orqali samaradorlik baholanishi bo‘yicha tizim joriy etishi va undan foydalanishi mumkin.
Albatta, bunda zaruriy maʼlumotlarni to‘plashga imkoniyat yaratilgan bo‘lishi, miqdoriy – statistik ko‘rsatkichlarni tahlil qilish ko‘nikmalari mavjud bo‘lishi hamda natijalarga ko‘ra tashkilotni isloh kilish, xodimlarni rag‘batlantirish, ularga nisbatan taʼsir choralari qo‘llash kabi qarorlar qabul qilinishi uchun qonun-qoidalar belgilanadi.
Quyidagi jadvalda ehtimoliy samaradorlik menejmenti tizimi haqida tushunchaga ega bo‘lish mumkin.
Xo‘sh, EMSK nima? Davlat boshqaruvida nega muhim?
EMSK deganda davlat tashkilotlari tomonidan funksional majburiyatlar hamda topshiriqlar ijro etilishining samaradorligi va natijadorligini baholash uchun qo‘llaniladigan va miqdoran o‘lchash mumkin bo‘lgan baholash indikatori tushuniladi.
Tarixan ilk bora XX asrning boshlarida biznes subyektlarida xodimlarning samaradorligini baholash boshlandi. U odatda qilingan xarajatlarning oqlanayotganligini bilish maqsadida ishlatilib, keyinchalik bu tizim 1990-yilga kelib Robert Kaplan hamda David Norton tomonidan xususiy kompaniyalarning rivojlanishini monitoring qilib borish uchun Balanslashgan ko‘rsatkichlar tizimiga (Balanced Scorecard) asos solinishiga olib keldi. Aynan shu innovatsiya natijasida EMSK paydo bo‘lib, individual tartibda, alohida xodimlarning samaradorligi ko‘rsatkichlarini korxona, tashkilotning maqsad hamda vazifalariga bog‘lash boshladi.
Shu asnoda, o‘tgan asrning 80-90 yillarida shakllangan yangi davlat menejmenti (New Public Management) tendensiyasi aytib aytib o‘tilgan “xususiy sektor tajribasi”ni o‘ziga qabul qilib oldi.
Taʼkidlash joizki, EMSK yoki KPI (key performance indicators) paydo bo‘lgan xususiy sektorda samaradorlik ko‘rsatkichlarini qo‘llash – qilingan xarajatlar, foyda va zararning miqdorini aniqlash, shubhasiz, davlat tashkilotlariga nisbatan birmuncha osonroq, biroq uning foydali xususiyatlari ko‘pligi davlat sektorida qo‘llashga olib keldi. EMSKni belgilash maʼlum bir qonuniyatlarga asoslanadi.
Misollarga yuzlanaylik, masalan, tuman (shahar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – bo‘lim boshlig‘ining asosiy vafzifalaridan biri – bu respublika byudjetiga prognoz tushumini taʼminlash bo‘lsa, unga nisbatan EMSK, uning o‘lchov birligi, vazn miqdori hamda masʼul tashkilot (Soliq qo‘mitasi) tomonidan o‘rnatiladigan mezon belgilanadi. Buni biz quyidagi kichik jadvalda ko‘rishimiz mumkin.
Demak, EMSK strategik rejalashtirish nuqtayi nazaridan qaralganda ahamiyatli mezonlar, ko‘rsatkichlar orqali samarali baholash tizimi yaratilishida, nafaqat yaqin va o‘rta istiqboldagi, balki uzoq prognozlarni qamrab oluvchi maqsadlarga erishish imkoni beradi.
Eng asosiysi, EMSK davlat tashkilotlari rahbarlari uchun maqsad, vazifa
va funksiyalardan kelib chiqqan holda belgilangan prognozlarga erishilganligi yoki erishilmaganligi natijasini ko‘rsatib beribgina qolmay, jamoatchilik bilan aloqalarni kengaytirish, idoralararo ijobiy tajribalarni ulashishga ham yordam beradi.
Ikkinchidan, davlat boshqaruvi organlari samaradorligi natijadorlik – kutilgan natijaga erishish darajasi, sifatni baholash – boshqaruv obyektining sifat ko‘rsatkichlari asosidagi muvofiqligi, samaradorlik baholanishi – qo‘yilgan vazifa va maqsadlarga erishilganlikni o‘lchash imkoniyatini taqdim etadi.
Uchinchidan, aholi va xususiy sektor uchun qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish, davlat xizmatlari sifatini ko‘tarish, davlat sarf-xarajatlarini kamaytirish kabi asosiy maqsadli yo‘nalishlarda davlat boshqaruvi organlari faoliyatida ijtimoiy yoki iqtisodiy effekt yaratiladi.
To‘rtinchidan, ushbu tizim aniq maqsadlarni qo‘yish, uning indikatorlarini aniqlash, unga erishish jarayoni tahlili va davlat siyosatini amalga oshirish natijalarini kuzatishni taʼminlovchi monitoring va baholash, natijalar asosida qarorlar qabul qilish – strategik menejmentning bir bosqichi sifatida baholanishini ham inobatga olishi muhim.
Shuningdek, EMSKning yana qanday ijobiy xususiyatlari mavjud?
Davlat boshqaruvi organlari uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari quyidagi foydali xususiyatlarga ega:
- tashkilotning samarali ishlayotganligi yoki kuchli va kuchsiz taraflarini baholash;
- tashkilotning o‘zini tushunishi orqali maqsad va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash;
- davlat dasturlarini boshqarish va ularning samarali ishlashiga sharoit yaratish;
- ochiqlik hamda hisobdorlik asosida samaradorlik natijalarining jamoatchilikka taqdim qilinishi va uning muhokama etilishi;
- davlatga nisbatan ishonchning oshishi;
- xalqaro reytinglarga ijobiy taʼsir va hokazo.
Chet el davlatlari – Koreya, Yaponiya, YAQSH, Singapur, Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi tahlil qilinganda davlat boshqaruvini baholash yuzasidan bir qancha umumiy jihatlar aniqlandi. Xususan, davlat boshqaruvini baholash bo‘yicha alohida qonunchilik shakllangan, soha yuzasidan maxsus davlat organlari mavjud, samaradorlik EMSK asosida baholanadi.
O‘z navbatida xalqaro tashkilotlar hamda olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga muvofiq, davlat organlari funsiya va vazifalarini bevosita amalga oshiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligining baholanishi va mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy
va institutsional rivojlanishi o‘rtasida bevosita ijobiy bog‘lanish mavjud.
Masalan, keltirib o‘tilgan konseptual taʼkid – fikrning tasdig‘i sifatida Jahon banki boshqaruv samaradorligi indikatorlari tasnifiga eʼtibor berishning o‘zi kifoya qiladi. Bular qatoriga “hukumat samaradorligi” kabi indeks kirishi diqqatga sazovor. Shuningdek, BMT Taraqqiyot Dasturi homiyligida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, insonlar
turmush-tarzi farovonligi har tomonlama davlat boshqaruvi institutlari sifatiga uzviy bog‘langan.
O‘z mohiyatida ilmiy asoslarga tayangan EMSKni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (IHTT) aʼzo bo‘lgan aksariyat mamlakatlarda joriy etilganligini quyidagi diagrammada ko‘rish mumkin.
Yana bir muhim jihat – turli maqsadlarga yo‘nalganlik
Davlat boshqaruvida samaradorlikni keng joriy etish ko‘p jihatdan davlat tashkilotlarini OAV hamda jamoatchilikka nisbatan hisobdorligini oshirishga qaratilgan harakatlar natijasida vujudga kelgan bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan esa davlat xizmatchilarining o‘z faoliyatlarida natijadorlikka intilishi va uning samarasini ko‘rishga harakat qilishiga ham bevosita bog‘liq.
Modomiki, samaradorlikni baholash kerakli strategik rejalashtirish hamda ahamiyatli mezonlarda amalga oshirilsa, ko‘rsatkichlar davlat tashkilotlari faoliyatida quyidagi kabi aniq vazifalarni bajarish uchun kuchli vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin:
- samaradorlikni yaxshilash va boshqarish;
- monitoring, davlat siyosatini belgilash, baholash va isloh qilish;
- qiyosiy benchmarking;
- strategik qarorlar qabul qilishda ko‘proq maʼlumotga ega bo‘lish;
- loyihalar, dasturlar boshqaruvi;
- strategik rejalashtirish;
- resurslarni taqsimlash;
- sifatni yaxshilash;
- samaradorlik shartnomalarini joriy etish;
- jamoatchilik xabardorligi;
- davlat xizmatlari ko‘rsatilishi samarasini baholash;
- rag‘batlantirish va xatolarning takrorlanmasligi uchun chora-tadbirlarni belgilash.
EMSK qanday talablarga javob berishi kerak?
EMSK tashkilotning maqsad va vazifalariga mos holda yaratilishi kerak. Bunda, samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash strategik rejalashtirish orqali davlat tashkilotining vazifa va funksiyalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Bu kabi rejalashtirish davlat tashkilotining maqsadi, missiyasi, vazifalari va funksiyalari hamda prognoz qilinadigan natija o‘rtasida aniq munosabatlarni ko‘rsatib beradi. Quyidagi rasmda EMSK qanday talablarga javob berishini ko‘rish mumkin.
Milliy samaradorlik menejmenti
Keyingi yillarda yangi davlat boshqaruviga xos bo‘lgan samaradorlik menejmenti boshqa innovatsiyalar qatorida milliy davlat xizmatiga ham kirib bormoqda.
Bunga yaqqol misol sifatida 2020-yilda sinov tariqasida respublikaning 12 ta tuman (shahar)larida, 2021-yildan esa barcha tuman (shahar)larda hokim o‘rinbosarlari faoliyatini 64 ta EMSK asosida baholab borish tizimi joriy etilganini qayd etish joiz.
2022-yil 8-avgust kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini taʼminlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimi joriy etiladi. Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Shu maqsadda, Agentlik tomonidan tayyorlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash uslubiyati” loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida eʼlon qilindi. Hujjat bilan davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish, xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini taʼminlash maqsadida uning faoliyati samaradorligini EMSK asosida baholash tartibi belgilanadi.
Yaqin istiqbolda amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribaga asoslanib, milliy sharoitlarda samaradorlik menejmentini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish davlat xizmatchilarining butun iyerarxiyasi bo‘ylab joriy etiladi hamda “zanjir uslubi”da – yuqoridan pastga qarab, davlatning strategik maqsadli ko‘rsatkichlari vazirlik va idoralarga, markaziy va tegishli tarkibiy bo‘linmalarga, hamda individual EMSK tarzida davlat xizmatchisigacha tushib boradi.
Xulosa shuki, samaradorlik menejmentini joriy etish davlat oldida turgan o‘lchovli maqsadlarga erishishga, shuningdek strategik rejalashtirish, huquqiy mexanizmlar orqali ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda asosiy maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.
Alisher ERANOV,
Shohruh NURALIYEV,
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi masʼul xodimlari