“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda
Xalqaro maydonda yangi O‘zbekiston deya eʼtirof etilayotgan mamlakatimizda bugungi keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Shu qatorda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining shaffofligi, ochiqligi va adolatlilik prinsiplari ustuvorligini taʼminlash maqsadida bir qator muhim ishlar amalga oshirilayotgani barchamizga birdek ayon.

Bu borada eng avvalo davlat fuqarolik xizmatini joriy etilishiga huquqiy asos bo‘luvchi hujjatlarning ishlab chiqilayotgani, mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashga berilayotgan ulkan ahamiyatning yorqin namunasidir.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi chinakkamiga xalqchil bo‘lishini taʼminlash maqsadida regulation.uz (https://regulation.gov.uz/ru/document/18047) sayti orqali keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Joriy yilning 22-may kuni regulation.uz (https://regulation.gov.uz/ru/document/18047) saytiga muhokamaga qo‘yilgan mazkur qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmati bilan bog‘liq barcha jarayonlarning tartibga solinishi nazarda tutilgan.
Eng asosiysi ushbu qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatiga kirish, unda xizmatni o‘tash va tugatishdan tortib davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, huquqiy maqomi, kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish choralari va ularni amalga oshirish mezonlari, qanday holatlarda davlat xizmatchisi o‘z maqomidan mahrum bo‘lishi, ularning lavozim pog‘onalarida faqatgina meritokratiya tamoyili asosida ko‘tarilib borishini qatʼiy belgilovchi normalar belgilangan. Ayni vaqtda mazkur qonun loyihasi yuzasidan keng jamoatchilik tomonidan taklif va fikrlar bildirilmoqda.
O‘z navbatida, Sizda ham “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga takliflar bo‘lsa, quyida ko‘rsatilgan havola orqali qonun loyihasi bilan tanishib, o‘z fikr va mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.
regulation.uz (https://regulation.gov.uz/ru/document/18047)
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasining muhokamasi 2020-yilning 6-iyuniga qadar davom etadi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati