Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarning yangi tartibi belgilandi
2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi inson qadrini yuksaltirish, xalqparvar davlat barpo etishga oid ustuvor maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlash davlat organlari faoliyati samaradorligini yana-da oshirishni talab etmoqda.

Yurtimizda bu borada olib borilayotgan tizimli islohotlarning zamirida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunning qabul qilinishi “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu qonun davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, lavozimlar toifalari va malaka darajalarini, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarining yagona tartibotini, kadrlarning kasbiy-maʼnaviy fazilatlari va alohida xizmatlarning obyektiv hamda adolatli baholash asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish kafolatlarini, umuman, yagona davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tartibga solishni nazarda tutadi.
2022-yilning 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mazkur yig‘ilishda yuqorida nomi keltirilgan qonunning ijtimoiy ahamiyati, unda mamlakatimiz taraqqiyotini jadallashtirish uchun o‘ziga xos “drayver” – harakatlantiruvchi kuch mujassamligi alohida taʼkidlangan edi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan davlat boshqaruvida kadrlar siyosatini takomillashtirish, davlat fuqarolik xizmatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, davlat xizmatchilari faoliyati va butun tizimni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish borasida zarur ko‘rsatmalar berildi.
Sir emaski, bugun davlatni barqarorlashtirish bilan birga jamiyatni faollashtirish, davlat xizmatchisining jamiyatga ijobiy munosabatini shakllantirish, xalqqa xizmat qilish, odamlar roziligini olish, halollik, adolatni mustahkam o‘rnatish borasidagi zamonaviy yondashuvga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoj kuchaydi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi Prezidentimiz ilgari surayotgan xalqparvar siyosatning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi. Ushbu Qonun davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida tartibga solishga qaratilgan. Qonunning ishlab chiqilishi – juda mashaqqatli jarayon bo‘lib, 15 ta vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlangan, jamoatchilik vakillari, jumladan, jurnalist va blogerlar ishtirokida 10 dan ortiq muhokamalar tashkil etilgan.
Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorij tajribasi va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalariga tayanildi. Xususan: Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Bolgariya, Latviya, Polsha, Estoniya, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlarning qonunchiligi tahlil qilindi;
BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti xulosalari asosida takomillashtirildi.
Yurtimizda so‘nggi yillarda xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Davlat organlari “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida yangicha va xalqchil tizimda ishlashni boshladi. Davlat boshqaruvi va davlat xizmatchilari oddiy odamlarga yaqinlashdi. Xalqni eshitish, muammolarni tezkor hal qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizimni mustahkamlash uchun esa muhim huquqiy asos qabul qilinishi kerak edi.
Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat bo‘lib, uning “Davlat fuqarolik xizmati sohasida davlat boshqaruvi”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi”, “Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” kabi boblarida davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari, odob-axloq qoidalari kabi tushunchalari aks etgan.
Jumladan, Qonunning 5-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari” deb nomlanib, unda davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi, qonuniylik, adolatlilik, xalqqa xizmat qilish, davlat organlarining va mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi kabi bandlar belgilangan.
Qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatini o‘tashda mazkur Sonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi qo‘llaniladi. Shuningdek, davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisob varaqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taʼqiqlanadi. Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanadi. Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam bo‘lmagan yillik asosiy taʼtil beriladi.
Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib – Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi. Agentlikning davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari ham belgilab berildi. Agentlik mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirilishini taʼminlash borasida bir qator vazifalar va chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Muxtasar aytganda, davlat xizmatida uzoq yillardan buyon o‘z yechimini topmagan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun normalarining samarali ijrosini taʼminlash orqali davlat fuqarolik xizmatini tartibga solish sohasida ilg‘or xalqaro standartlarga javob beruvchi yagona tartibot tizimi shakllantiriladi. Eng asosiysi, davlat fuqarolik xizmatiga malakali kadrlarni faol jalb qilish, ular salohiyatini oshirish, fidoyi, xalqparvar va raqobatbardosh kadrlar sifatida tarbiyalash uchun zarur huquqiy sharoitlar yaratiladi.
Bobur Abdullayev,
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi maʼsul xodimi