“100 nafar eng ilg‘or yetakchi” dasturi

10:37 - 1 Mart 2023 Yangiliklar
1528

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash bo‘yicha yangi loyiha ishga tushmoqda. Bu haqda 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini 2023-yilda amalga oshirishga oid DAVLAT DASTURIning 10-maqsadida belgilandi.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlarini professional sifatlarga ega, salohiyatli va eng munosib kadrlar bilan taʼminlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, unga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, salohiyatli rahbar kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirish tizimi joriy etildi.

Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini yana-da oshirish, davlat organlari va tashkilotlarida salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimini yana-da takomillashtirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini oshirishning asosiy vazifalari sifatida davlat fuqarolik xizmatini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlanganlik holatini yaxshilash, davlat fuqarolik xizmatida inson resurslari va kadrlar salohiyatini har tomonlama rivojlantirish hamda davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini ilm-fanning zamonaviy yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajriba asosida muntazam ravishda oshirish ko‘zda tutilgan.

Shu munosabat bilan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda barcha fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash bo‘yicha “100 nafar eng ilg‘or yetakchi” dasturi joriy etilmoqda.

Dasturdan ko‘zlangan maqsad meritokratiya tamoyili asosida yuqori darajadagi bilim, liderlik sifatlari, kasbiy va boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish, ularni maqsadli tayyorlash va zaxirasini shakllantirish, xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan, shu jumladan, yoshlar, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan salohiyatli yoshlarni aniqlashdan iborat.

Taʼkidlash joizki, mazkur dasturni ishlab chiqish jarayonida rivojlangan davlatlarda joriy etilgan o‘xshash dasturlar tajribasi o‘rganildi va foydalanildi. Xususan, davlat boshqaruvi tizimiga nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralab olish, nomzodlarga qo‘yilgan talablar, kasbiy kompetensiyalar asosida o‘qitish, tanlov g‘oliblarini moddiy rag‘batlantirish tizimi hamda ularni yuqori lavozimlarga tayinlash yoki zaxiraga kirish imkoniyatlari tahlil qilindi.

Misol o‘rnida:

AQSHdagi dastur “Prezident boshqaruvining stipendiantlari (Presidential Management Fellows)” deb nomlanadi. Dasturni tashkil etishda AQSH Kadrlar xizmati boshqarmasi (OPM) masʼul idora hisoblanadi. Dastur ishtirokchilari AQSH va xorij mamlakatlari fuqarolari bo‘lib, ulardan oliy (kamida magistr darajasi) maʼlumotli bo‘lish talab etiladi.

Dastur g‘oliblariga oylik va qo‘shimcha to‘lovlar, GS-13-martaba darajasigacha ko‘tarilish istiqboli, 80 soatlik malaka oshirish kursini o‘tash, ishga kirishda imtiyozlar kabi bir qator imkoniyatlar beriladi.

Birlashgan Arab Amirliklaridagi dastur “Huqumat liderlari dasturi (Government Leaders Programmes)” deb nomlanadi. Dasturni amalga oshirishga BAAning Hukumat ishlari bo‘yicha vazirligi masʼul hisoblanadi. Dastur ishtirokchilari davlat organlari va tashkilotlaridagi bo‘lim boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, jamoa va loyiha boshqaruvchilari bo‘lib, ulardan 21-35 yosh oralig‘ida va oliy maʼlumotli (2-3-darajali davlat xizmatchilari) bo‘lish talab etiladi.

Yevropa ittifoqidagi dastur “Davlat xizmatini rivojlantirish oliy dasturi (Top Civil Service Development Program)” deb nomlanadi. Bandlik, ijtimoiy va integratsiya masalalari bo‘yicha Yevropa Komissiyasi dasturni amalga oshirishga masʼul idora hisoblanadi. Dastur ishtirokchilari amaldagi o‘rta bo‘g‘in davlat xizmatchilari bo‘lib, ulardan oliy maʼlumotli (o‘rta bug‘in davlat xizmatchisi martaba darajasi) talab etiladi. Ularga Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatda yuqori lavozimlarga tayinlanish yoki zaxiraga kirish imkoniyati beriladi.

Yaponiyadagi dastur “Yosh liderlar dasturi (Young Leaders' Program)” deb nomlanadi. Yaponiya fan, taʼlim, madaniyat, sport va texnologiyalar vazirligi dasturni amalga oshirishga masʼul idora hisoblanadi. Dasturga Yaponiya va xorij mamlakatlari fuqarolari orasidan 30 nafar nomzod kiritiladi, ular 40 yoshgacha bo‘lishi, oliy maʼlumotli va istiqomat qilgan mamlakatda soha (tarmoq) bo‘yicha kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Dastur ishtirokchilariga 250 ming iyen (tahminan 2 000 AQSH dol.) miqdorida taʼlim stipendiyasi beriladi.

Rossiya Federatsiyasida “Rossiya liderlari (Lideri Rossii)” tanlovi o‘tkaziladi, unga ANO “Rossiya – strana vozmojnostey” hamda Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi masʼul hisoblanadi. Tanlovda 18-55 yosh oralig‘ida va oliy yoki o‘rta maxsus (yo‘nalishlar doirasida qo‘shimcha talablar bo‘lishi mumkin) maʼlumot hamda 2 yillik boshqaruv tajribasi (qo‘shimcha talablar bo‘lishi mumkin)ga ega Rossiya Federatsiyasi va xorij mamlakatlari fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Tanlov g‘oliblariga taʼlim granti (1 mln. rubl, tahminan 14 000 AQSH dol.), yuqori martabali davlat xizmatchisi yoki tadbirkor bilan ishlash (mentorlik), boshqaruv kadrlar zaxirasiga kirish kabi imkoniyatlar beriladi.

Ozarbayjon Respublikasidagi dastur “Yuksalish” deb nomlanib, uni amalga oshirish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita (davlat organlari va tashkilotlari rahbarlaridan iborat) tuziladi. Dastur ishtirokchilari kamida 2 yil rahbarlik lavozimida ishlagan, 21-51 yoshgacha bo‘lgan Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari orasidan tanlov orqali saralanadi. Dastur doirasida to‘rt bosqichli tanlov (masofaviy saralash, bevosita tanlov, yarimfinal va final) o‘tkaziladi va 20 nafar g‘oliblar aniqlanadi. Dastur g‘oliblariga 20 ming manat (tahminan 11 500 AKSH dol.) miqdorida taʼlim granti beriladi.

Qozog‘iston Respublikasida “Prezidentning yosh kadrlar zaxirasi” dasturi mavjud bo‘lib, u Davlat xizmati ishlari agentligi tomonidan tashkil etiladi. Dasturda kamida 5 yillik umumiy ish stajiga ega bo‘lgan, davlat tilini yaxshi biladigan (V1 darajadan past bo‘lmagan), 35 yoshdan oshmagan Qozog‘iston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Dastur doirasida 50 nafar g‘olib tanlov asosida saralab olinadi hamda siyosiy guruhdagi lavozimlarga tayinlanishi uchun tavsiya qilinadi.

Ilg‘or xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlarga o‘zlarini namoyon etish, dadil tashabbuslarni ilgari surish va ularni amalga oshirishda bevosita ishtirok etish imkoniyatini berish orqali davlat xizmatiga iqtidorli va salohiyatli kadrlarni jalb qilish, ularning zaxirasini shakllantirishga mustahkam zamin yaratiladi.

Joriy qilinishi rejalashtirilgan “100 nafar eng ilg‘or yetakchi” dasturida oliy maʼlumotga va tegishli sohada kamida besh yil ish tajribasiga ega, 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan (40 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Dastur har ikki yilda bir marta ikki bosqichda (tanlov va tayyorlov) tashkil etilib, unda istiqbolli boshqaruv kadrlarni ochiq tanlov asosida saralab olish, tanlov g‘oliblarida boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitish, mahalliy va xorijiy stajirovkaga yuborishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidan iborat bo‘ladi.

Tanlov yakuniga ko‘ra 100 nafar g‘oliblar aniqlanadi, ular pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, tanlov g‘oliblari bir yil davomida:

shaxsiy rivojlanish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

maxsus o‘quv dasturi asosida Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil oladi;

davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlariga “dublyor” sifatida biriktirilgan holda amaliyot o‘taydi;

rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida stajirovka o‘tash uchun yuboriladi.

Yuqoridagi shaxsiy rivojlanish rejasini to‘liq va muvaffaqiyatli bajargan, maxsus o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda mahalliy va xorijiy stajirovkalarni to‘liq o‘tagan g‘oliblar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Taʼkidlash joizki, ushbu dasturning amalga oshirilishi:

— O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini yana-da oshirish, davlat organlari va tashkilotlarida rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimini yana-da takomillashtirish;

— davlat organlari va tashkilotlari uchun yuqori darajadagi bilim, liderlik sifatlari, kasbiy va boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish, ularni maqsadli tayyorlash hamda zaxirasini shakllantirish;

— davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan, shu jumladan, yoshlar, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan salohiyatli yoshlarni aniqlash;

— davlat fuqarolik xizmatida meritokratiya tamoyili asosida rahbarlik lavozimlarini egallashda fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Botu Alimov, 
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri

Chop etish