Boshqaruvdagi rahbarlar va masʼul xodimlarning Singapurga xizmat safari boshlandi

10:48 - 27 Iyul 2023 Yangiliklar
845

Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-yanvar kuni Singapur Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatda davlat xizmatchilarimiz uchun qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida bir guruh xizmatchilardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Singapurga bordi.

Safar davomida Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi, Singapur turizmni boshqarish instituti, PSB akademiyasi kabi yetakchi taʼlim muassasalarida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Uchrashuvlarda xalqqa yo‘naltirilgan samarador va natijador davlat xizmati, yetakchilik, iqtisodiyotning muhim sektorlari uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan malaka oshirish kurslarini tashkil qilish masalalari ham muhokama qilinadi.

Safarning birinchi kunida Singapur turizm menejmenti institutida (Tourism Management Institute of Singapore) uchrashuv tashkil etildi. Bu institut butun dunyodan turizm sohasidagi xodimlarni malakasini oshirish, gidlarni tayyorlash, umuman, turizm menejmentini shakllantirish bo‘yicha ishlarni olib boradi. 

Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda Madaniyat va turizm vazirligida hamda turizm sohasida xizmat qilayotgan davlat xizmatchilari uchun malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslarini Singapurda tashkil etish, shuningdek, masofadan turib onlayn o‘quvlar tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Safar tafsilotlarini kuzatib boring.

Chop etish