Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan tadbirkorlar uchun malaka oshirish kursi tashkil etildi
Davlat fuqarolik xizmatidagi rahbarlik lavozimlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish, markazlashgan holda saralash, ularning bilimini uzluksiz oshirib borish maqsadida Milliy kadrlar zaxirasi tashkil etilgan.

Ushbu Zaxiraga yana bir guruh nomzodlar — tadbirkorlar kiritildi. Bugun Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida ular uchun maxsus o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Ochilish marosimida hamkor tashkilotlar rahbarlari va masʼullari xalqimizning orzu-intilishlarini teran anglaydigan, unga sadoqat bilan xizmat qilishni muqaddas burch deb biladigan, bilimdon, qatʼiyatlilik sifatiga ega, zamonaviy yondashuvdagi kadrlar bilan to‘ldirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlashdi. Sohadagi islohotlar, mavjud muammolar haqida so‘z bordi.
O‘quv nomzodlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi bilimlarini oshirish, milliy qadriyatlarimizni shakllantirish, shaxsiy va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Tinglovchilar o‘z hududi rivoji uchun hissa qo‘shib kelayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratgan, el ichida obro‘-eʼtiborga ega, istiqbolda rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlar ichidan shakllantirildi.