Davlat boshqaruvida sifat va samaradorlikni yana-da oshirish masalasida BAA bilan hamkorlik kengaytiriladi
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentliklari, Davlat boshqaruvi akademiyasi Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri ofisi bilan hamkorlikda “Government Quality Award” — O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari samaradorligi mukofoti” dasturini amalga oshirmoqda.

Dastur — mamlakatda davlat boshqaruvi va davlat xizmati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan loyiha hisoblanadi. Joriy yilda eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd qilgan davlat tashkilotlari va davlat xizmatchilari bir necha nominatsiya bo‘yicha mukofotlanishi nazarda tutilgan.
Bugun tashkil etilgan uchrashuvda “Government Quality Award” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarning natijalari muhokama qilindi.
Tadbirda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov ham ishtirok etib, BAA bilan davlat boshqaruvi sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadli ekanligini taʼkidladi.
Tomonlar kelajakda O‘zbekistonda assessorlarni tayyorlab borish, davlat boshqaruvida sifat va samaradorlikni taʼminlashga qaratilgan ilg‘or yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan kelishib olishdi.