Endi davlat xizmatchilari faoliyati maxsus tizim orqali baholanadi
Davlatlar o‘rtasida keskin raqobat yuzaga kelgan hozirgi davrda tezkorlik bilan o‘zgarib borayotgan yangi sharoitlarga moslashuvchan, oldiga qo‘yilgan masalalarni tezkor va sifatli hal etishga qodir davlat xizmati apparatini tashkil etish hamda bu borada muvaffaqiyatga erishish muayyan mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini belgilab beradi.

Tan olish kerak, bizda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ish samaradorligini belgilovchi aniq mezonlar mavjud emas. Ular faoliyatini baholashda aniq mexanizmlar ham, davlat xizmatchilari javobgarlik doirasining aniq chegaralarini belgilovchi ko‘rsatkichlar ham ishlab chiqilmagan. Qolaversa, davlat xizmatchilarini lavozim bo‘yicha o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish masalasi adolatli baholash tizimiga asoslanmagan. Bu tizimli muammolarning mavjudligi davlat xizmati apparati imkoniyatlarini to‘liq safarbar etilmasligiga hamda davlat xizmatchilarining samaradorligi talab darajasida bo‘lmasligiga olib kelmoqda.
Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo 31 ta davlatda (AQSH, Fransiya, Avstriya, Yaponiya, Koreya va boshqalar) samaradorlikni baholash tizimlari yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Avstriyada 2013-yildan buyon natijaga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimi qo‘llanilgan. Mazkur tizimga ko‘ra, har yili federal moliyaviy qonundagi vazifalar, bosqichma-bosqich bosh boshqarmalar, alohida tarkibiy tuzilmalar, guruhlar va nihoyat alohida davlat xizmatchilari darajasiga tushiriladi. Mazkur tizimning o‘ziga xos jihati, har bir davlat xizmatchisining strategik maqsad va vazifalarga erishishda qo‘shgan hissasini baholash imkoniyatining mavjudligi hamda tizimning shaffofligidir.
Amaldorga “baho” qo‘yiladi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining 35-moddasi bilan davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori loyihasi ham tayyorlandi Xo‘sh, yangi tizim bizga nima beradi?
Loyiha bilan joriy etilishi ko‘zda tutilgan bizdagi baholash tizimiga ko‘ra, har bir davlat xizmatchisi faoliyati davomida erishishi lozim bo‘lgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) belgilanadi hamda mazkur ko‘rsatikichlarga erishish darajasiga ko‘ra xodim faoliyati obyektiv baholanadi.
Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan funksional majburiyatlari va topshiriqlarni ijro etilishining samaradorligi va natijadorligini baholash uchun qo‘llaniladigan va miqdoran o‘lchash mumkin bo‘lgan baholash indikatorlaridir.
Baholash tizimini unifikatsiyalashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari samaradorligining yagona o‘lchovlarini yaratish maqsadida “namunali”, “aʼlo”, “yaxshi”, “qoniqarli”, “past darajada”, “qoniqarsiz” kabi baho turlari belgilanmoqda.
Baholash natijalariga ko‘ra, xodimga qo‘shimcha ustama tayinlash, malaka darajasini navbatdan tashqari berish, lavozim bo‘yicha o‘stirish kabi rag‘batlantirish choralari hamda hayfsan, jarima, lavozim bo‘yicha pasaytirish yoki ozod qilish kabi intizomiy jazo chorasi qo‘llaniladi.
Ayrim mahalliy hokimliklarga sinov davri boshlandi
Qonun normasining amalda samarali tatbiq etish hamda baholash tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishini taʼminlash maqsadida “Natijadorlik – bosh talab va faoliyatning asosiy mezoni” shiori ostida Respublikamizning 11 ta tuman (shahar) hokimliklarida hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyatini baholash bo‘yicha eksperiment o‘tkazilmoqda.
Xususan, joriy yil 24-fevraldan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani va Yangiyo‘l shahri, 2-martdan Toshkent shahrining Yashnobod tumani, 23-martdan Xorazm viloyatining Urganch shahri, Hazorasp, Yangibozor va Yangariq tumanlari,
27-maydan Andijon viloyatining Bo‘ston tumani va Xonobod shahrida hamda 29-maydan boshlab Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri va Quva tumanida hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samardorlik ko‘rsatkichlari(EMSK,KPI) asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Yuqoridagi har bir hududda baholash tizimi hamda xodimlar faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish to‘g‘risida mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirokida seminar
va yig‘ilishlar o‘tkazildi. Eksperiment davomida hokimlar va ular o‘rinbosarlarining faoliyati EMSK asosida baholanib, ularning reytingi shakllantirildi.
Shuningdek, o‘tkazilayotgan eksperiment natijasida hokimliklarga ular faoliyatiga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifa va funksiyalar yuklatilganligi, hokimliklar rahbarlari faoliyatini baholash bo‘yicha yagona tizimning mavjud emasligi, aniq mezonlar va indikatorlarning belgilanmaganligi ularning samarali ishlashiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotganligi aniqlandi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bu yangi baholash tizimi bugungi yangi O‘zbekistonning islohotlari bosqichida suv va havodek zarurdir. Chunki davlat rivojida malakali va professional kadrlarning o‘rni beqiyos. Baholash tizimi ham yo‘lga qo‘yilar. Lekin uni shaffof ishlashi sizu bizning qo‘limizda. Tizim qanchalik adolatli yo‘lga qo‘yilsa, bu faqat va faqat xalq farovonligiga xizmat qilishini unutmaslik darkor!
Alisher ERANOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri o‘rinbosari