Hukumat Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshiradigan boshqaruv kadrlari lavozimlari tarkibini tasdiqladi
Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshiradigan boshqaruv kadrlarining lavozimlari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2023/2024 o‘quv yilida davlat granti asosida malaka oshirish kurslariga yuboriladigan boshqaruv kadrlarining lavozimlari tarkibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, barcha vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Akademiya va uning hududiy filiallarida mazkur qarorga muvofiq tasdiqlangan tarkibda boshqaruv kadrlarining malaka oshirish kurslarida ishtirokini taʼminlab boradi.
Akademiya 2023-yil oktyabr — 2024-yil iyun oylarida malaka oshirish kurslarini tashkil etadi.
2023/2024 o‘quv yili davomida Akademiyaga jami 46 ta professor — o‘qituvchi shtat birliklari ajratiladi.