O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Koreya Respublikasi Personalni boshqarish vazirligi hamkorlik qiladi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov, Koreya Respublikasi Personalni boshqarish vaziri Kim Sin Xo o‘rtasida muloqot tashkil etildi.

Vazirlik davlat xizmatiga tanlov asosida ishga qabul qilish, lavozimda ko‘tarish, inson resurslarini rivojlantirish, rag‘batlantirish, axloqiy meʼyorlar va tartib-intizom qoidalari, davlat xizmatchilarining nafaqasiga oid siyosat hamda mexanizmlarni ishlab chiqadi. Vazirlikda 8 ta byuro, 27 bo‘lim bor. Shuningdek, Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI), Apellyatsiya komissiyasi va Davlat xizmatchilarining nafaqa xizmati vazirlik qoshidagi muassasalar hisoblanadi.
Uning asosiy maqsadi inson resurslarini boshqarishda xolislik va shaffoflikni taʼminlash bo‘lib, bu “xalqchil millat, adolatli Koreya” g‘oyasini amalga oshirish uchun kadrlarni kerakli vaqtda, kerakli joyga qo‘yishni anglatadi.
Uchrashuvda inson resurslarini boshqarish va davlat xizmatini rivojlantirish sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Anglashuv memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, inson resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, davlat xizmati va kompetensiyalarni baholash (assessment markaz) masalalari bo‘yicha tajriba almashiladi. O‘zbekistonlik rahbar kadrlar uchun Koreyada malaka oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil etishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun: Koreyada “Raqamli texnologiyalar rivojlanishining davlat inson resurslari sohasiga taʼsiri” mavzusida HR-yetakchilar forumi tashkil etildi. Unda 25 mamlakatning davlat xizmatida inson resurslari masalalari bo‘yicha masʼul rahbarlari ishtirok etdi.