Kadrlar bilan ishlash sohasida yangi g‘oyalar, modellar va tendensiyalar muhokama qilindi

09:56 - 11 Dekabr 2023 Yangiliklar
3294

Shuningdek, xalqaro tadbir doirasida “Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi” loyihasi uchun takliflar ishlab chiqildi.

     Hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli innovatsion o‘zgarishlar, raqamlashtirish jarayonlari, sunʼiy intellektning joriy etilishi har bir davlat oldida yangi-yangi dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Bunday sharoitda davlatlarning hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish taqozo etiladi. Kadrlar siyosati, inson resurslarini boshqarish va ularni rivojlantirish borasidagi hamkorlik esa vaqt o‘tgan sari ahamiyat kasb etib boryapti.

    Inson resurslari har qanday jamiyatning asosiy boyligi, mamlakat iqtisodiyotini harakatlantiruvchi kuch, davlat farovonligining bosh omilidir. Aynan inson resurslari boshqa barcha resurslardan oqilona foydalanishda hal qiluvchi va strategik rol o‘ynaydi. Shu jihatdan inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishga bo‘lgan eʼtibor dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda.

    Shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Latviya Respublikasi Moliya va shartnomalar markaziy agentligi hamkorligida “Davlat xizmatida isteʼdodli shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

     Davra suhbatida vazirlik va idoralarning rahbar kadrlari, inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari xodimlari, olimlar, chet el mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari hamda Angliya, Germaniya, Latviya, Fransiya, BAA, Koreya, Singapur, Turkiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlardan soha ekspertlari, davlat xizmatchilari ishtirok etmoqda.

   Tadbir davlat xizmatini rivojlantirishda salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish muammolari, isteʼdodli shaxslarni davlat xizmatiga jalb qilishning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
      Tadbirning ochilish marosimida so‘z olganlar sohada xalqaro hamkorlikning ahamiyati, professional davlat xizmatini shakllantirishning bugungi kundagi ahamiyati va muammollari haqida fikr bildirishdi.

    Shuningdek, O‘zbekistonning sohada amalga oshirayotgan islohotlari haqida maʼlum qilindi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining “davlat xizmatchisi, avvalo, xalq xizmatchisi bo‘lishi shart”, degan siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy va kompleks amaliy chora-tadbirlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

    Xususan, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belilgangani, davlat xizmatiga kirishda meritokratiya va shaffoflikni taʼminlash bo‘yicha ochiq tanlov tizimi joriy qilingani, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashtirilgani, 302 turdagi xizmatlar raqamlashtirilgani,  davlat xizmatida inson resurslarini boshqarish jarayoniga zamonaviy IT joriy qilingani, davlat idoralarida ortiqcha va o‘ziga xos bo‘lmagan funksiya hamda vakolatlar bartaraf etilib, davlat boshqaruvi tizimini nomarkazlashtirish choralari ko‘rilayotgani, aholi muammolari bilan manzilli ishlash maqsadida sektorlar faoliyati, mahalladagi “beshlik” tizimi yo‘lga qo‘yilgani ishtirokchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi.

    Shundan so‘ng, xalqaro tadbir panellarda ishini davom ettirdi. I-panelda noaniqlik sharoitida ishchi kuchini rejalashtirish: turli modellar va instrumentlar, ikkinchisida yuqori bo‘g‘in davlat xizmati: liderlik uchun kompetensiyalar, rekrutment va karyera mobilligi masalalari muhokama qilindi.

Uchinchi panelda ham davlat fuqarolik xizmati sohasidagi muhim masalalar muhokamasi bo‘ldi. Unda isteʼdodli shaxslar salohiyatidan to‘g‘ri foydalanish, eʼtirof qilish, ish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni taʼminlashga qaratilgan amaliyotlar yuzasidan tajriba almashildi.

   Davra suhbati so‘nggida ekspertlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda jamoatchilik vakillari fikr-mulohazalari, takliflari yuzasidan xulosalar eʼlon qilindi.

    Shuningdek, xalqaro tadbirning ikkinchi kunida yetakchi xorijiy va mahalliy ekspertlar, vazirlik va idoralarning Inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari masʼullari, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirokida xalqaro seminar tashkil etildi.

   Kun davomida “Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi” loyihasi uchun takliflar ishlab chiqildi. Loyiha uchun ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalar, masʼul ijrochilar belgilanib, "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi.  Asosiy yo‘nalish — xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish masalasi sifatida belgilandi.

   So‘ng so‘z o‘rnida taʼkidlash joizki, xalqaro muloqot davomida kadrlar siyosati va davlat xizmatidagi zamonaviy trendlar, yangi g‘oyalar va yondashuvlar muhokama qilindi, isteʼdodli shaxslar, xususan, yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi, yangi, ustuvor vazifalar belgilandi.

 Otabek Xasanov, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari (O‘zbekiston)


    Bugun zamonaviy, moslashuvchan, professional davlat xizmatini tashkil etish har bir mamlakat oldidagi muhim masala. Bu — samaradorlik bosh mezoni hisoblanadi. Xorij tajribasi asosida bu boradagi siyosatni qisqa fursatlarga, milliy model negizida yangilab borish imkoniyati mavjud. Muloqotimiz ham aynan shu maqsadda, tizimda xatolarin kamroq qilish, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan yaqindan xabardor bo‘lish, zamonaviy, yangi tendensiyalarni tezroq amaliyotga qo‘llash maqsadida tashkil etildi.

Xorijiy ekspertlar bilan sohada turli modellar va instrumentlarni qo‘llash, kompetensiyalarni rivojlantirishda sinovdan o‘tgan dasturlar haqida fikr almashdik. Shuningdek,  O‘zbekistonda davlat xizmati sohasini isloh qilish, natijador, ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish bo‘yicha strategik chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, xususan, “mahallabay” ishlash tizimi, ishga kirishdagi ochiq tanlov, kadrlar ishini yuritishdagi raqamlashtirish, yoshlarni davlat xizmatiga jalb qilish va ularni lavozimda o‘stirish mexanizmlari hamkorlarimizda ijobiy taassurot uyg‘otdi. Davlat xizmati sohasida O‘zbekistonning hamkorlari soni oshib borayotgani Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘ri yo‘lda ekanligini bildiradi.  


Larbi Djakta, BMT Xalqaro davlat xizmati komissiyasi raisi (AQSH)

Men hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat xizmati sohasida amalga oshirayotgan yuksak maqsadli ishlari to‘g‘ri ekanligini taʼkidlamoqchiman. BMT Xalqaro davlat xizmati komissiyasi dunyodagi eng ilg‘or amaliyotlarni o‘zida mujassamlashtirgan va O‘zbekistonda davlat yetakchisi tomonidan belgilab berilgan strategiyani amalga oshirishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

Shu bilan birga, "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiatlarini Nyu-Yorkdagi ofisimizga stajyor sifatida qabul qilamiz.Turli departamentlarimizda ko‘nikmalarini yana-da rivojlantirishlariga yordam beramiz.

 

Kvantek Nam, Personalni boshqarish vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi direktori o‘rinbosari (Koreya)

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan 2 yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz. Bu galgi muloqot ancha samarali bo‘ldi. O‘zbekiston sohani rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslar, aniq rejalar, yangi takliflar bilan chiqdi. Qolaversa, mamlakatda inson resurslarini boshqarishni raqamlashtirish jarayoni ketyapti. O‘ylaymanki,  O‘zbekiston hukumati bu ishni muvaffaqiyatli yakunlaydi.
 

Ibrohim Al Badavi, “01Gov” ijrochi direktori (BAA, Avstraliya)


Bu muhim tadbirni o‘tkazishda O‘zbekiston tanlangani bejiz emas. Mamlakat rivojlanishning o‘ziga xos davrinii bosib o‘tyapti. Yaqinda qabul qilgan rivojlanish strategiyasida ham  davlat xizmati jozibadorligini oshirish, xalq xizmatchilarini shakllantirish belgilangan. Bugun ko‘rdimki, mamlakatda yaxshi muhit ham yaratilgan. Bu O‘zbekiston bilan kadrlar sohasida hamkorlik qilishimiz uchun sabab bo‘la oladi.

 

Inita Paulovitsa, Strategiyalar ishlab chiqish bo‘yicha maslahatchi (Latviya)


Latviyada davlat xizmatini professionallashtirish jarayoni ketyapti. Har bir tashkilotga malakali kadrlar jalb qilinyapti. Ularni ham moddiy, ham maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq mexanizmlar yaratilgan. Bu boradagi O‘zbekiston tajribasi ham bizni qiziqtirdi. Isteʼdodlilar imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanish kadrlarning ish sharoitini yaxshilab borish — professional davlat xizmatini shakllantirishda kerak. Biz seminarda O‘zbekistondagi idoralarning inson resurslarini rivojlantirishga masʼul xodimlari bilan shu masalada, muvaffaqiyatli davlatlar tajribasi haqida gaplashdik. O‘ylaymanki, sohadagi hamkorligimiz samarali bo‘ladi.  

Chop etish