Matbuot anjumani: Ochiqlik, hisobdorlik

15:39 - 29 Mart 2024 Yangiliklar
2095

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yig‘ilishlar zalida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tashkilot rahbariyati, masʼullari, OAV xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillar ichida mamlakatimizda barcha tarmoqlarda bo‘lgani kabi davlat fuqarolik xizmatida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sohani sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.  

Jumladan, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatning amalga oshirilishini taʼminlash, davlat organlari va tashkilotlarining davlat kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, inson resurslarini rivojlantirishning ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan innovatsion usullarini joriy etish kabi yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Agentlik tomonidan 2023-yilda davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Davlat xizmatiga eng munosiblarni tanlab olish yo‘nalishida vacancy.argos.uz portali orqali 68 ta vazirlik va idora hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi jami 24 256 ta vakansiyalar bo‘yicha 730 mingdan ortiq nomzodlar o‘rtasidagi tanlovlar natijasida 10 137 nafari ishga qabul qilindi.Tanlov g‘oliblarining 3 584 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 3 529 nafari ayollar, 1 626 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.

Munosib kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘nalishida “zaxira.argos.uz” portali ishga tushirildi. Mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasida natija ko‘rsatgan 1 000 nafar nomzod Salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralab olindi hamda mehnat faoliyatida ijobiy yutuqlarga erishgan nomzodlarning 145 nafari Agentlikning tavsiyasiga asosan yuqori lavozimlariga tayinlandi. Shuningdek, “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 99 nafar bitiruvchilari ham Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.

Inson resurslarini boshqarish jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha 2023-yil 22-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining 492-sonli qarori qabul qilinib, qaror bilan “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid maʼlumotlar va hujjatlarni “hrm.argos.uz” elektron platformasi ishga tushirildi. 2023-yil 1-noyabrdan boshlab barcha hujjatlar “hrm.argos.uz” elektron platformasida yuritish boshlanib, 2 668 ta tashkilotlar mazkur platformaga ulandi hamda 93 mingdan ortiq davlat xizmatchilarining maʼlumotlari raqamlashtirildi.

O‘qitish va malaka oshirish yo‘nalishida A2023-yil davomida Agentlik tomonidan 130 dan ortiq malaka oshirish kurslari tashkil etilib, ularga vazirliklar va idoralar, mahalliy hokimliklarda faoliyat ko‘rsatayotgan 17 mingga yaqin davlat xizmatchilari professional bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Ilm.argos.uz masofaviy taʼlim portali ishga tushirildi, unda 390 dan ortiq videomateriallar, 240 dan ortiq elektron adabiyotlar joylashtirildi. Tashkil etilgan masofaviy o‘quv kurslarida 7 002 nafar rahbar kadrlar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi.

Davlat fuqarolik xizmatida baholash (KPI, EMSK) tizimini joriy etish bo‘yicha 208 ta tuman (shahar)larda hokim o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlari faoliyati baholanib, ularning reytingi shakllantirildi. Ularning faoliyati samaradorligini baholashni raqamlashtirish bo‘yicha “samaradorlik.uz” elektron platformasi ishga tushirildi, aholining hokimlik va sektorlarning ijtimoiy sohadagi faoliyatidan qoniqish darajasini aniqlash maqsadida 9 400 dan ortiq  mahallada 123 mingdan ortiq respondent orasida so‘rovnoma o‘tkazildi.  

Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida 2023-yilning 23-24-oktyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar inson resurslariga masʼul idoralari rahbarlari yig‘ilishi va 5-6-dekabr kuni Toshkent shahrida “Davlat xizmatida iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati, shuningdek, 20 dan ortiq seminar va treninglar o‘tkazildi, ularda 1000 nafardan ortiq davlat xizmatchisi ishtirok etdi.

Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida 4 ta kompleks o‘rganish va 261 ta monitoring o‘tkazilib, 1792 ta qonunbuzilish aniqlandi, 18 nafar aybdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Ish rejimiga rioya etilishi bo‘yicha 1174 ta davlat organlarida monitoring o‘tkazilib, 163 tasida 540 nafar xodim dam olish kunlari va ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilganligi aniqlandi. Natijasi bo‘yicha 163 ta rahbarlarga ogohlantirish va yozma ko‘rsatmalar berildi hamda 11 nafar mansabdorlarga
47,6 mln so‘m maʼmuriy jarima qo‘llanilishi taʼminlandi.

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar yo‘nalishida markaziy telekanallarda 50 dan ortiq, hududiy telekanallarda  100 ga yaqin, radioda 30 ga yaqin, bosma nashrlarda 70 dan ortiq, saytlar  va ijtimoiy tarmoqlarda 1100 dan ortiq chiqishlar qilindi. 20 ga yaqin matbuot anjumanlari, brifing, press-turlar, 10 dan ortiq onlayn efirlar tashkil etildi hamda 11 nafar namunali davlat xizmatchilari faoliyati haqida ijtimoiy videoroliklar ishlab chiqildi, “Dada” deb nomlangan ijtimoiy videorolik suratga olindi va jamoatchilikka yetkazildi.

Shuningdek, Qonunchilik hujjatlari bilan berilgan topshiriqlarning soni 132 tani tashkil qilib, ularning 73 tasida Agentlik asosiy ijrochi etib belgilangan. Ushbu topshiriqlarning ijrosi bugungi kunda to‘liq taʼminlangan.

Joriy yilda Agentlik tomonidan “Xalqchil va professional davlat fuqarolik xizmati - 2030” strategiyasini ishlab chiqish, tanlov tizimini takomillashtirish, bunda tizimda inklyuzivlikni oshirish, test va suhbat jarayonlarida obyektivlikni oshirish, “Davlat xizmatining raqamli platformasi” ishga tushirish, Davlat xizmati maʼlumotlari uchun BI (Business intelligence) tahlilini joriy etishDavlat fuqarolik xizmati tashkilotlarini “jozibador ish beruvchi sifatidagi brendi”ni yaratish bo‘yicha amaliy tadbirlarni olib borish, Samaradorlik.uz” elektron platformasini sinov tariqasida joriy etish kabi  strategik vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

 

Chop etish