“Rahbar ayollar maktabi”ning yangi mavsumi o‘quv kursi boshlandi
Bugun PF-87-sonli Farmonga binoan Milliy kadrlar zaxirasidan rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni tavsiya etishda xotin-qizlarning ulushini inobatga olish tizimi joriy etilgan. Shuningdek, Farmon bilan “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida 100 nafar yosh rahbar ayollar o‘qitildi.

O‘quvning joriy yilgi mavsumi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi (https://t.me/dbacademy/6208), Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vazirlik va idoralar hamda hududiy hokimliklar hamkorligida tashkil etildi. Dastlab 293 nafar davlat va jamiyatning turli sohalarida faol bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirildi. Ularning ijtimoiy-siyosiy bilim darajasi hamda shaxsiy va kasbiy fazilatlarini aniqlashga yo‘naltirilgan test sinovi hamda suhbat tashkil etildi. Natijada 50 nafar nomzod yangi mavsum o‘quvlari uchun tavsiya etildi.
Bugun ushbu mavzumning ochilish marosimi (https://t.me/argos_uz/11858) bo‘lib o‘tdi. Unda hamkor tashkilotlar rahbariyati sohada xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salmog‘ini oshirish, mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va faoliyatini rag‘batlantirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratdi.
Yangi mavsum “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv kursi rejasi 12 haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, auditoriya mashg‘ulotlari, mahorat darslari, masofaviy taʼlim (onlayn), mahalliy stajirovka (dublyorlik), attestatsiya (ESSE yoki test shaklida), loyiha ishini tayyorlash va uni himoya qilish bosqichlarini o‘z ichida oladi.
Dastur yakuni bo‘yicha o‘quvlarni muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarni xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari, ilmiy markazlari va kompaniyalarida malaka oshirishini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va davlat fuqarolik xizmatidagi yuqori turuvchi lavozimlarga tavsiya etib boriladi.