Davlat xizmatchilarini tanlashda shaffoflik taʼminlanadi

11:31 - 6 Avgust 2020 Yangiliklar
1725

Davlat fuqarolik xizmati tushunchasi ayni paytda hamyurtlarimizga u qadar ham tanish bo‘lmagan atamadir. Albatta, bu tabiiy hol. Chunki bu tizimni rivojlantirishga yaqin tariximizda endigina eʼtibor qaratila boshlandi. Prezidentimizning 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Mazkur agentlik davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul organ etib belgilandi.

Davlat fuqarolik xizmatini tartibga soluvchi yagona qonun hujjati yo‘q. Vaholanki, ayni damda mazkur tizimda minglab fuqarolar mehnat qilmoqda. 2019-yil sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 320 nafar aholiga 1 nafar davlat xizmatchisi to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich Janubiy Koreyada 28, Rossiya Federatsiyasida 68, Qozog‘iston Respublikasida 187 nafarni tashkil qiladi.

Aynan davlat fuqarolik ximatidagi faoliyatni yagona qonun hujjati bilan tartibga solish orqali bu sohadagi dolzarb masalalarga yechim topish maqsadida agentlik tomonidan tizimni tartibga soluvchi huquqiy asos, yaʼni "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. U keng muhokamalarga sabab bo‘lganini alohida taʼkidlaydigan bo‘lsak, albatta, bu ijobiy jarayon. Chunki davlat fuqarolik xizmatining maqomi qanday bo‘lishi bevosita jamiyat hayotiga ham taʼsir o‘tkazadi. Shu sababli jamoatchilikning tizimda bo‘layotgan jarayonlarga eʼtibor qaratib, o‘z fikrini bildirishi oldimizga qo‘ygan ustuvor vazifalardan biri bo‘lgan kuchli fuqarolik jamiyatini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki mevasi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat xizmatchisi kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini obyektiv va adolatli baholash asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish (meritokratiya), xizmat yuzasidan rahbariyatga o‘zining shaxsiy fikrini bildirish, o‘zi faoliyat yuritayotgan davlat organi yoki tashkiloti faoliyatini takomillashtirishga oid takliflarni berish, rahbarlar, boshqa mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan shaʼni va qadr-qimmatining hurmat qilinishi va boshqa huquqlarga ega bo‘ladi. Mazkur qonun davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasi masalalarini tartibga soluvchi hamda davlat fuqarolik xizmatini mustahkamlovchi muhim loyiha hisoblanadi. Qonun loyihasi bilan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan korrupsiogen holatlarning oldini olinishi ko‘zda tutilmoqda. Ayniqsa davlat fuqarolik xizmatchilarining belgilangan tartibda deklaratsiya to‘ldirib borishi ushbu mexanizmlarda biridir.

Bu loyihani tayyorlash jarayonida rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasida davlat fuqarolik xizmatiga oid munosabatlar qanday qonun hujjatlari bilan tartibga solingani atroflicha o‘rganilgan. Aniq misolga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1883-yilda AQSHda davlat fuqarolik xizmatiga oid "Fuqarolik xizmati to‘g‘risida" gi Qonun qabul qilingan. Qonun fuqarolik xizmatiga tanlash va lavozimlarning aksariyatiga tayinlash uchun yangicha tizim (taqdirlashga loyiq ishlar tizimi) va tanlov imtihonlari joriy etilishiga huquqiy asos bo‘lgan.

Shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan kadrlar siyosatida tanish-bilishchilik orqali ishga kirish kabi illatlarga ham chek qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Bu mexanizm o‘z navbatida “halollik vaksinasi” bilan emlanishga ko‘mak beradi. Har bir davlat xizmatchisi tomonidan jinoiy hatti-harakatlar sodir etilishiga to‘sqinlik qiladi.

Chunki oddiygina davlat organi yoki tashkilotiga ishga qabul qilinish jarayonlarida yuz beradigan ayrim korrupsiyaviy holatlar bevosita inson omiliga bog‘liqdir. Mazkur qonunda ko‘zda tutilgan ochiq mustaqil tanlov orqali ishga qabul qilish mexanizmi davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda inson omili ishtirokini minimallashtiradi.

“Halollik vaksinasi” bilan davlat fuqarolik xizmatchilarini emlash qatoriga ularning bilim va intiluvchanligini oshirish, qo‘llab-quvvatlash, lavozim pog‘onalarida meritokratiya tamoyillari asosida ko‘tarilishini taʼminlash kabi saʼy-harakatlar ham kirishini taʼkidlash lozim.

Bundan tashqari, XXI asr zamonaviy texnologiya va internet davri bo‘lgani bois “halollik vaksinasi”ni joriy etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda kadrlarni saralab olish va joy-joyiga qo‘yishning maksimal darajada shaffof va adolatli tartibini joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda bunday ishlar boshlab yuborilgani barchada davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga asos bo‘ladi. Misol uchun, joriy yil

1-yanvardan Farg‘ona shahrida, viloyat qishloq xo‘jaligi, moliya boshqarmasi, bandlik bosh boshqarmasi hamda Xalq banki viloyat filialida ham tajriba asosida davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Albatta, bu kabi ishlar korrupsiyaning oldini olish va salohiyatli mutaxassislarni qabul qilishda muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, ochiq tanlov eʼlon qilinib, filialdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarga belgilangan tartibda 4 bosqichli tanlov o‘tkazildi. Unda vakant bo‘lib turgan filial rahbari o‘rinbosarligiga 14 nafar, inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi bosh inspektorligiga 19 nafar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish guruhi yetakchi inspektorligiga 2 nafar nomzodning hujjatlari saralash bosqichi uchun umumlashtirilib agentlikka taqdim etildi. Saralash bosqichidan jami 14 nafar nomzod keyingi bosqichga o‘tkazilgani munosabati bilan 2 bosqichli test sinovlari tashkil etilib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bilan respublika komissiyasi aʼzolari suhbatidan o‘tkazildi.

Eng asosiysi, ana shunday tartibda ishga kirgan har bir kadr o‘z mehnatini qadrlagan holda qonunlarga halol va namunali mehnat qiladi.

Korrupsiya – jamiyat kushandasi. Unga qarshi kurashish nafaqat davlatning, balki butun jamiyat oldida turgan vazifadir. Mana shu faoliyatda zarur bo‘lsa, jamiyatning har bir aʼzosini, hoh u mansabdor shaxs bo‘lsin, hoh u oddiy fuqaro, “halollik vaksinasi” bilan emlash orqali korrupsiyani oldini olish mumkin bo‘ladi.

Buyuk bobomiz Amir Temur "Davlat – rahbarlaru fuqarolarning sadoqati va fidoyiligi-la qudratlidir", deya bejiz aytmagan. Shunday ekan, fuqarolik xizmatida ishlaydigan xodim halolligi, talabchanligi va fidoiyligi bilan barchaga ibrat bo‘lishi lozim.


Saidfarrux ISLOMOV,

Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali rahbari

Chop etish