Davlat idoralarida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi o‘rganilmoqda

11:48 - 10 May 2024 Yangiliklar
1630

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hududiy filiallari tomonidan 2024-yilning birinchi choragida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bilan bog‘liq o‘rganishlar o‘tkazildi va qator taʼsir choralari qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘rganishlar davomida:

▫️ishga qabul qilishda tanlov o‘tkazish tartibiga amal qilinmaslik;

▫️davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lashda ularning huquqlari buzilganligi;

▫️davlat fuqarolik xizmatchisiga mehnat taʼtillarini berishda, intizomiy jazo chorasini qo‘llashda qonunchilik talablariga amal qilinmaslik;

▫️ishdan bo‘shatish tartibiga rioya qilinmaganlik;

▫️jamoa shartnomasi qabul qilinmaganlik hamda xodimlarga imzo qo‘ydirgan holda tanishtirilmaganlik;

▫️davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari va Odob-axloq komissiyasi tasdiqlanmaganligi;

▫️inson resurslarini boshqarishga oid maʼlumotlar va hujjatlarni “hrm.argos.uz” elektron platformasi orqali shakllantirilmaganligi kabi qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar bo‘yicha kiritilgan taʼsir choralari natijasida:

▫️ 4 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lashda ularning buzilgan huquqlari tiklandi;

▫️14 ta noqonuniy qabul qilingan buyruq bekor qilindi;

▫️5 ta holatda Tanlov komissiyasining xulosasi bekor qilinib, tanlov qayta o‘tkazildi;

▫️faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 13 nafar aybdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi;

▫️16 nafar aybdor shaxsga nisbatan o‘n olti million to‘qqiz yuz ming so‘m miqdorida (Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy bosh boshqarmalari bilan hamkorlikda) maʼmuriy jarima qo‘llanildi.

Chop etish