O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi
Hamkorlik kelishuvini Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori imzolashdi. Shuningdek, uchrashuvda tomonlar vakillari ham ishtirok etdi.

Ushbu hujjat 2025-yil 10-fevralda qabul qilingan Davlat dasturini amalga oshirishdagi dastlabki muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur hamkorlik doirasida davlat xizmatchilarida korrupsiyaga qarshi madaniyat va qadriyatlarni hamda murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar va ushbu lavozimlar uchun Zaxirada turgan nomzodlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholashga qaratilgan preventiv mexanizmlar joriy etiladi.
— Korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli yondashuv, ilg‘or metodlar va zamonaviy texnologiyalar zaruratimizdir. Biz davlat xizmatchilarini har tomonlama baholash, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Bu loyiha, eng avvalo, halollik, masʼuliyat va shaffoflikni ustuvor qadriyatlarga aylantirishga xizmat qiladi. Mazkur loyiha orqali rahbar kadrlarda doimiy ravishda “preventiv” fikrlash tarzi shakllanadi. Bu esa kelajakda korrupsion holatlarning oldini olishga turtki bo‘ladi, — deydi "Rahbar kadrlarni baholash markazi" direktori Jasur Maxmudov.